SSV: Qozog‘iston bilan tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi

SSV: Qozog‘iston bilan tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda dunyoning 194 mamlakati sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporasiyalar va xalqaro jamg‘armalarning vakillari Shveysariyaning Jeneva shahrida jam bo‘lgan. Bu yerda o‘tkazilayotgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida sayyoramiz aholisi salomatligini ta’minlash bilan bog‘liq qator global masalalar muhokama etilmoqda.

Ushbu tadbirdagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegasiya Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Ajar Giniyat bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, keyingi yillarda tibbiyot sohasi bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Xususan, 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, 2019 yil esa O‘zbekistonda Qozog‘iston yili deb e’lon qilinishi bu boradagi do‘stona munosabatlarga yangi sur’at, sifat va mazmun bag‘ishladi.

Jumladan, shu munosabat bilan 2019 yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan Qozog‘iston tibbiyoti kunlari sohadagi manfaatli aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash uchun asos bo‘ldi.

Ayni paytda tomonlar tibbiyot tizimini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish kabi qator yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik kelib kelmoqda.

Bundan tashqari, har yili ikki davlat tibbiyot sohasidagi oliy o‘quv yurtlari shifokorlari va talabalari uchun bir qator dasturlar amalga oshirib kelinyapti. Tajriba almashinuvlari, mahorat darslari tashkil etilmoqda.

Bu galgi muloqotda asosiy e’tibor Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, jumladan, uning Yevropa mintaqaviy byurosi doirasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollariga qaratildi.

Ta’kidlanganidek, tashkilot tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2022-2025 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” mintaqamizda sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.

Xususan, mazkur hujjat Markaziy Osiyoda iqlim inqirozi, COVID-19 pandemiyasi asoratlari hamda sog‘liqni tizimi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, onalar va bolalar salomatligi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash, noinfeksion kasalliklarning oldini olishga doir qator muhim chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.

Qolaversa, mazkur ezgu tashabbus mintaqa aholisi salomatligi va farovonligi darajasini yuksaltirish uchun sarmoya va boshqa zarur resurslarni jalb qilish imkonini beradi.

‼️ Uchrashuvda ushbu “Yo‘l xaritasi”da belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar ijrosini jadallashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, birgalikda ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, seminar va ko‘rgazmalar tashkil etishga kelishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!