Soxta «psixolog»lar faoliyati: «Psixologlarni tayyorlash» kurslari tijoratga aylanib ketayotgani tanqid qilindi

Soxta «psixolog»lar faoliyati: «Psixologlarni tayyorlash» kurslari tijoratga aylanib ketayotgani tanqid qilindi

2023 yil 21 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston psixologlar uyushmasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning huquqiy asoslari» mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston psixologlar uyushmasi a’zolari, psixologiya yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda psixologiya sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash hamda amaliyotchi psixologlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda maktabgacha ta’lim tizimi va xalq ta’limi tizimida pedagog-psixolog lavozimlari joriy etilgan. Ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida «Psixologiya», «Pedagogika va psixologiya» ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilib, ushbu sohadagi qabul kvotalari keskin oshirildi.

Davra suhbatida sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lamiga qaramasdan jamiyatda ijtimoiy-psixologik, jumladan, oilaviy muammolar, «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta’sirlariga tobelik holatlari uchrab turganligi, shuningdek yetarlicha bilim-malakaga ega bo‘lmasdan turib, «psixolog» maqomini noqonuniy o‘zlashtirib olayotgan shaxslarning faoliyati ommalashib borayotganligi qizg‘in muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan qayd etilganidek, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini «psixolog» sifatida tanishtirayotgan va bu turdagi xizmatlarni taqdim etayotgan shaxslar avvalambor, mazkur yo‘nalishda oliy ta’limga ega bo‘lishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish huquqini beruvchi tegishli hujjatga ega bo‘lishiga oid talabni qonunchilikda belgilash lozim. Bundan tashqari, «psixologik xizmat» tushunchasi huquqiy-normativ hujjatlar bilan belgilab qo‘yilmagani va amaliyotchi psixologlar reestri mavjud emasligi ular faoliyatini nazorat qilishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Shuningdek, ayrim oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan qisqa muddatli «Psixologlarni tayyorlash» kurslari tijoratga aylanib ketayotgani tanqid ostiga olindi.

Tadbir ishtirokchilari psixolog-mutaxassislarni tayyorlash va lisenziyalash borasidagi xorijiy tajribani tahlil qilishdi. Xususan, Yevropa mamlakatlarida psixologik ta’lim davri 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatni tashkil etishini qayd etishdi. Davra suhbatida, shuningdek, amaliyotchi-psixologlarning faoliyatini lisenziyalash masalasi ham qizg‘in muhokama etildi.

Davra suhbatida aholiga malakali psixologik yordam ko‘rsatishga doir faoliyatni tartibga solishga qaratilgan qonunlarni ishlab chiqish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!