Sovg‘a qilingan mulk ham teng bo‘linadimi?
— Erim bilan rasman ajrashish uchun sudga ariza bergandim. Ish hali oxiriga yetgani yo‘q. 2019 yil otam menga mashina sovg‘a qilgandi, o‘zimni nomimga rasmiylashtirilgan. Erim sudda mol-mulkni bo‘lishni talab qilib, mashinamni ham ro‘yxatga kiritibdi. Axir bu menga sovg‘a qilingan mulk-ku, u ham teng bo‘linadimi?
Ismi sir tutildi
Rustam Norxo‘jayev, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Oila kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur Kodeksning 25-moddasida er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.
Savolingizda avtomashinani otangiz tomonidan sovg‘a qilinganligini ko‘rsatib o‘tgansiz. Agar avtomashina cizga sovg‘a sifatida hadya shartnomasiga asosan rasmiylashtirilib berilgan bo‘lsa, bu cizning o‘z mulkingiz hisoblanadi.
Agarda avtomashina oldi-sotdi shartnomasiga asosan rasmiylashtirib berilgan bo‘lsa, u holda avtomashina er-xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulki hisoblanadi.
Oila kodeksining 27-moddasining 5-qismiga ko‘ra, oilaviy munosabatlar tugatilganda, sud er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining o‘z mulki deb topishi mumkin.
Agar avtomashina cizga oldi-sotdi shartnomasiga asosan rasmiylashtirilib, berilgan bo‘lib, ciz avtomashinani oilaviy munosabatlaringiz tugatilgan vaqtda olinganligi isbotlab bera olsangiz, sud avtomashinani o‘zingizni mulkingiz deb topishi mumkin.
