«Sovershenno sekretno». Jurnalistlar Petrov va Boshirovning maxsus xizmatlarga aloqadorligi belgilarini topishdi

«Sovershenno sekretno». Jurnalistlar Petrov va Boshirovning maxsus xizmatlarga aloqadorligi belgilarini topishdi

14 sentyabr kuni «The Insider» nashri va «Bellingcat» tadqiqot guruhi Rossiya Federal migrasiya xizmati (FMS)Buyuk Britaniya hukumati tomonidan Skripallarga suiqasdda gumonlayotgan Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovga oid tekshiruvlarining birinchi qismini e’lon qildi. Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularning hujjatlaridagi belgilar ular Rossiya razvedka boshqarmasiga (GRU) aloqadorligini tasdiqlaydi.

«The Insider» va «Bellingcat» Federal Migrasiya xizmatining Petrov nomiga pasport berish to‘g‘risidagi ariza nusxalarini e’lon qildi. Hujjatni birinchi bo‘lib qo‘lga kiritgan «The Insider» nashri yozishicha, bu ma’lumotni Rossiya polisiyasidagi manbadan olgan.

Federal migrasiya xizmati bazasida Aleksandr Petrovning avvalgi pasporti, uning avvalgi hayoti, umuman «2009 yilga qadar bu dunyoda mavjud bo‘lgani»ga oid ma’lumot yo‘q.

Petrovning arizasining ikkinchi tomoni - xizmat belgilari uchun mo‘ljallangan qismi to‘ldirilmagan

Jurnalistlar hujjatda «ma’lumot berilmasin» («svedeniy ne davat») qaydi qo‘yilgani, bu muhrga qo‘shimcha ravishda «mutlaqo maxfiy» (S.S. — sovershenno sekretno) belgisi qo‘yilganiga e’tibor qaratishgan.

«The Insider»ning qayd etishicha, bu yozuvlar Petrov maxsus xizmatlarga aloqadorligini ko‘rsatadi.

«Fontanka» nashrining aniqlashicha, yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Boshirov va Petrovning xalqaro pasport raqamlari faqat bir raqam bilan farqlanadi — 1297 va 1294. Federal migrasiya xizmati bazasida har bir shaxsning xalqaro pasportga egaligi aks etadi, lekin u yerda Boshirov va Petrov haqida ma’lumot yo‘q. Petrov va Boshirovga Rossiya ichki pasportlari Federal Migrasiya xizmatining 770001 raqamli Moskvadagi boshqarmasi tomonidan berilgan. Jurnalistlarning tasdiqlashicha, bu boshqarmada oddiy fuqarolar emas, faqat huquq tartibot organlarining vakillari hujjat olishadi.

Pasport bo‘yicha Petrov 1979 yil 13 iyulida Arxangelsk oblastida, Kotlas shahrida tug‘ilgan. Hujjatlarga ko‘ra, u 2007 yildan buyon Moskva viloyatining Chertanova tumanida istiqomat qilib keladi. Odatda migrasiya xizmati hujjatlarida «oddiy fuqarolar»ning ichki va xorijiy pasportlarni olishi, xorijga safarlari, propiska haqidagi kabi muayyan ma’lumotlar qayd etiladi. Biroq Aleksandr Petrovning dosyesi bo‘m-bo‘sh.  

Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, 2009 yilning noyabrida Aleksandr Yevgenyevich Petrov Federal migrasiya xizmatiga «yaroqsiz pasportini almashtirish uchun» murojaat qilgan. Dosyeda o‘sha «yaroqsiz pasport»ning tartib raqami bor. Faqat bunday raqamli pasport hech qachon hech kimga berilmagan.

Rosreestr ma’lumotlariga ko‘ra, 2007 yilda Chertanovodagi kvartiralardan birining egasi Petrov bo‘lgan. Ammo bu shaxsning familiyasidan boshqa ma’lumotlari Buyuk Britaniya tomonidan ayblangan shaxs ma’lumotlariga mos kelmaydi. Bu kvartirada ayni vaqtda butunlay boshqa odam yashamoqda.

Bu kvartiraga 2014 yildan buyon egalik qilayotgan ayol kvartiraning avvalgi xo‘jayinini tanimaydi. Ammo u kvartiraning sobiq egasi bo‘lgan Petrovning sobiq rafiqasi Mariyani tanidi. Uning aytishicha, 2014-2016 yillarda u yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun Aleksandr Petrov nomiga yozilgan jarima qog‘ozlarini olishda davom etgan. Ikki yil muqaddam bunday jarimalar kelishi to‘xtagan.

Qo‘shnilar Aleksandr Petrov haqida hech narsa bilishmaydi.

Petrov va Boshirovning pasportni almashtirish bo‘yicha arizasida «Ma’lumot berilmasin» qaydining oldida 195-79-66 telefon raqami ham yozilgan. 195-ATS Moskvaning Rossiya Razvedka boshqarmasi (GRU) joylashgan tumaniga qarashli. Bu holda ma’lumotnomada ko‘rsatilgan raqamlar uning ishxonasi raqami bo‘lishini mumkinligi taxmin qilinadi.

Migrasiya xizmatidagi manba ham, bunday shtamplar (S.S) maxsus xizmatlar xodimlari va yuqori martabali amaldorlar uchun qo‘yib berilganini aytgan. FMS bunday shaxslar haqidagi ma’lumotlarni sudlarga yoki boshqa xizmatlarga bermaydi.

Aniqlanishicha, bu «ikki turist» Londonga aviachiptalarni uchishdan bir kun oldin sotib olgan. Bu ham ular Simonyanga berilgan intervyudagi so‘zlarga zid kelmoqda. Boshirov va Petrov Solsberiga borishni avvaldan rejalashtirib yurishganini aytishgandi. Yuliya Skripal 1 mart kuni Londonga uchish uchun aviachipta olganidan keyin negadir ular ham Buyuk Britaniyaga shoshilishgan...

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!