«Sog‘lom bolalar» global tashabbusi dasturining 25 yillik faoliyati sarhisob qilindi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegasiyasi Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan «To‘g‘ri ovqatlanish haqida muloqot» dasturining 25 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarina Abdullayeva vazirlikning «Salomatlik yo‘nalishlari» dasturi bilan hamkorligi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
–Joriy yilning may oyida «Salomatlik yo‘nalishlari» dasturini kengaytirish va unga yangi vektor – ekologik ta’limni qo‘shish bo‘yicha muhim qaror qabul qilindi, – deydi Z.Abdullayeva. – Bu qaror nafaqat o‘z salomatligi haqida qayg‘uradigan, balki atrof-muhitni muhofaza qilishda faol ishtirok etuvchi sog‘lom va mas’uliyatli avlodni shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu yangi komponent doirasida dasturga maktab o‘quvchilarida ekologik madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan darslar kiritilgan.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi, atrof-muhitga ongli munosabatda bo‘lish va yosh avlod salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etildi.
–Dunyoning ko‘plab davlatlari qatori O‘zbekistonda ham kelajak avlod salomatligi jamiyat barqaror rivojlanishining garovi hisoblanadi, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Sherzodjon Xudayqulov. – Shuning uchun ham Hukumat ta’lim va tarbiyaviy maqsadlarni o‘zida mujassam etgan «Salomatlik yo‘nalishlari» dasturini faol amalga oshirmoqda. Uning asosiy maqsadi maktab o‘quvchilarining sog‘lom ovqatlanish tamoyillari va ekologik ta’limga oid bilimlarini oshirishdan iborat. Biz bolalarda jismoniy va ma’naviy barkamollikning asosiga aylanadigan to‘g‘ri odatlarni shakllantirishni maqsad qilganmiz.
Konferensiya davomida loyiha hamkorlarining chiqishlari, dasturning 25 yillik faoliyati natijalari muhokamasi, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tanlov va treninglar o‘tkazildi.
– «Salomatlik yo‘nalishlari» dasturi xususiy biznes, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari sa’y-harakatlarini birlashtirishning ajoyib namunasi, – deydi «Salomatlik yo‘nalishlari» dasturi muallifi, pedagogika fanlari nomzodi Aleksandra Makeeva. – Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ko‘magida O‘zbekistonda bir necha yil ichida yaxshi natijalarga erishdik. Chunki, bugungi kunda respublikamizning barcha hududlari dasturda ishtirok etmoqda va talabalar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, «To‘g‘ri ovqatlanish haqida muloqot» Rossiya dasturi 85 mamlakatni qamrab olgan «Sog‘lom bolalar» global tashabbusining bir qismidir. O‘zbekistonda ushbu tashabbus doirasida 2013 yildan buyon «Salomatlik yo‘nalishlari» dasturi joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 140 dan ortiq maktabni qamrab olgan.