Nogironligi borlarni reabilitasiya qamrovi 1 foizga ham yetmaydi – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masala nogironligi borlar bilan ishlash bo‘ldi.
Qayd etilishicha, yil boshidan nogironligi borlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich 20 ta tumanda 12 foizdan yuqori.
Qaysi hokim bu masalani ichiga kirib, sabablarini o‘rgandi, degan savolga ijobiy javob yo‘qligi qayd etildi. Respublika bo‘yicha 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitasiya qamrovi 1 foizga ham yetmasligi tanqid qilindi.
Shu bois soha uchun mas’ullar kelgusi yilda reabilitasiya bo‘yicha keskin o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitasiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. 12 ta nogironlik reabilitasiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.
7 ta tibbiyot oliygohida reabilitasiya kafedralari ochiladi, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitasiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.
Kasallik turidan kelib chiqib, aholiga uy sharoitida bajara oladigan oddiy mashqlarni o‘rgatish orqali ham minglab odamlar sog‘lig‘ini tiklash mumkinligi ta’kidlandi.
Mahalladagi ijtimoiy xodimlar nogironligi bor uyga uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusini eslatma qilib tarqatishi belgilandi.
Reabilitasiya ishlarining samarasi nogironligi borlarni harakati, muloqoti, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishidagi o‘zgarishlarga qarab baholanadi, buning uchun shifokorlarga ustama beriladi.
Qashqadaryo viloyati hokimiga reabilitasiya bo‘yicha tajriba yaratish topshirildi.