2025 yilda ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi
Rasmiy munosabat
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda 2025 yilda maktablarda o‘quvchilar uchun darsliklar ijarasi bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
"2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya asosida ishlab chiqilgan Byudjetnoma loyihasida 2025–2026 o‘quv yilidan 2-11 sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritilgan edi.
Byudjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlari va ijtimoiy-iqtisodiy sohaning moliyaviy mutanosibligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Davlatning ijtimoiy majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarishga ustuvor yo‘nalish beriladi. Samaradorlikni oshirish maqsadida turli yo‘nalishlarda tahlillar olib boriladi.
Ta’kidlash joizki, 2024 yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 million nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat byudjetidan 1,5 trillion so‘m ajratilgan. Bu mablag‘lardan 435,5 milliard so‘m (36 foizi) davriyligi 1 yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.
2025 yilda esa 81 million nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun 1,3 trillion so‘m mablag‘ to‘liq Davlat byudjetidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar tomonidan chop etilgan xabarlarda Byudjet loyihasida Kitob jamg‘armasi xarajatlari va daromadlari ko‘rsatilmagani ta’kidlangan. Buning sababi Kitob jamg‘armasi faoliyati to‘xtatilgan va yangi jamg‘arma tashkil qilinmagani uchun loyihada bu bo‘yicha ma’lumotlar kiritilmagan.
2025 yil uchun Davlat byudjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi.
Bunda ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan".