Sirdaryoda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Guliston shahridagi viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy ko‘z mikroxirurgiya tibbiyot markazi vrach va olimlari shifoxona vrachlari bilan hamkorlikda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy ko‘z mikroxirurgiya tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov boshchiligidagi shifokorlar guruhi ko‘z kasalligi bilan murojaat qilgan 10 dan ortiq bemorlarda murakkab jarrohlik amaliyoti, 30 nafarga yaqin bemorni soha yo‘nalishida tibbiy ko‘rigidan o‘tkazdi, 20 dan ziyod murojaat qilgan fuqarolarga tibbiy maslahatlarini berdi.
– Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida mana salkam 2 oydirki, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi respublika markaziy shifoxonalari, tibbiy ilmiy-amaliy markazlarning professor, olim va vrachlari viloyatimizda fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishyapti, – deydi viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi bosh vrachi Rasul Karimov. – Malakali shifokorlar tomonidan aniq tashxis qo‘yilgach, bemorning holatidan kelib chiqib, respublika, viloyat shifoxonalariga yo‘llanma berishyapti, muolaja o‘tkazib, zarurati bo‘lgan va shu joyning o‘zida jarrohlik amaliyotlarini bajarishyapti.
Bizning shifoxonamizda ham Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy ko‘z mikroxirurgiya tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov, markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Vohidjon Rozuqulov hamda shifoxonamiz vrachlari hamrohligida 3 nafar bemorda yangi innovasion texnologiyadan samarali foydalangan holda lazer nuri bilan, 8 nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tadi.
Respublikadan tashrif buyurib, viloyatning barcha tuman va shaharlarida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan malakali shifokorlar Sardoba tumani Paxtaobod shaharchasida yashovchi 10 yoshli Ilhom Sotiboldiyev ko‘ziga ikkilamchi parda tushishi tashxisi qo‘yib, viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasiga yo‘llanma berdi.
Bu yerda Ilhomni tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy ko‘z mikroxirurgiya tibbiyot markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Vohidjon Rozuqulovlar tekshirib, viloyat shifoxonasining malakali shifokorlari Rasul Karimov, Komiljon Xolyigitov, Firuz Sayidqulovlar hamrohligida uning ko‘zida aniqlangan xavfni lazer nuri orqali jarrohlik amaliyotini qo‘llagan holda bartaraf etdi.
– Besh nafar farzandim, to‘rt nafar nabiram bor, yoshim 74 da, – deydi qo‘shni Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi Bozorboy Xolmanov. – Yosh o‘tganidanmi bilmadim, ko‘zimni ocholmay qiynalib qolayotgan edim. Agar bir amallab ko‘zimni ochadigan bo‘lsam, yosh qo‘yilib kelaverardi. Toshkentdan kelgan shifokorlar ko‘zimni tekshirib ko‘rib, “artifakiya orqa kapsula fibrozi” degan tashxisini qo‘ydi va lazer nuri orqali mikrojarrohlik amaliyotini ko‘zimda o‘tkazdi. Qarang endi juda yaxshi ko‘ryapman. Yosh ham yo‘q. Chor atrof charog‘on, yoshligimdagidek tiniq va ravon ko‘ryapman. Shifokorlarimizning qo‘llari dard ko‘rmasin.