Sirdaryo viloyatida Xitoy kompaniyasi bilan yangi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi

A A A
Sirdaryo viloyatida Xitoy kompaniyasi bilan yangi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi

Mamlakatimizga xorijiy investorlarni jalb qilish doirasida O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi tomonidan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida salfetka ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Xitoyning “Qingdao Pony Jumper Co.” kompaniyasi rahbari Ma Suye Sing, ijrochi direktor Liu Guanfen va tuman hokimi o‘rinbosari Sanjar Begaliyev hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirokida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, “Qingdao Pony Jumper Co.” 2013 yilda tashkil etilgan bo‘lib, kompaniyaning mavjud 3 ta liniyasida quruq va namlantirilgan salfetka, qog‘oz sochiqlar va bolalar tagliklari ishlab chiqariladi. Xitoyda o‘z mahsulotlarini 160 ta sotuv do‘konlariga offlayn tarzda va Alibaba, TaoBao, TMALL onlayn platformalari orqali xaridorlarga yetkazib beradi.

Suhbat avvalida Xitoy tomoniga mamlakatimizda yaratilgan qulay investision muhit, 2017 yil sentyabr oyidan buyon amaldagi valyuta liberallashuvi hamda erkin biznes faoliyatini olib borish yuzasidan qabul qilingan qaror, islohotlar yuzasidan to‘liq ma’lumot berildi.

Xususan, Sayxunobod tumanida yaratilayotgan Innovasion texnopark va ushbu 12 gektar hududning bevosita temir va avto yo‘llar yaqinida joylashganligi, amalga oshiriladigan investision loyihalar va eksportyor korxonlar uchun taqdim qilinayotgan imtiyozlar Xitoy kompaniyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

“Joriy yil 18-19 may kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida o‘tkazilgan sanoat ko‘rgazmasi va davlat rahbarining 70 nafarga yaqin xitoylik biznesmenlar bilan shaxsan o‘tkazgan muloqoti “Qingdao Pony Jumper Co.” kompaniyasi asoschilari va rahbariyatida katta taassurot qoldirdi. Shu bois ushbu oliy darajadagi tashrif mamlakatingizda investision loyihalarni amalga oshirishga yana bir muhim turtki bo‘lganini mamnuniyat bilan ta’kidlayman”, - dedi Ma Suye Sing.

O‘z navbatida xitoy kompaniyasi bugungi kunda yiliga 2 million dona salfetka, qog‘oz sochiqlar hamda 1 million dona gigiyenik mahsulotlarni Xitoyda ishlab chiqarish quvvati mavjudligi va O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda Sayxunobod tumanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar asosida yangi loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishlari uchun “Qingdao Pony Jumper Co.” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonga taklif etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!