Sirdaryo viloyati: yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi

Sirdaryo viloyati: yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida chanoq-son bo‘g‘imi displastik koksartrozi hamda yelka odatiy chiqishi, menisk jarohati bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

Bundan bir yarim, ikki yil muqaddam, tug‘ma nuqsonlar, tayanch-harakat a’zolari shakli va funksiyalari buzilishi bilan bog‘liq xastaliklar bilan kasallangan bemorlar murakkab, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini talab etadigan, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun Sirdaryodagi tibbiyot muassasalariga emas, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat etar edi.

So‘nggi yillarda tibbiyot tizimida olib borilgan islohotlar sabab bu turdagi operasiyalar uchun sirdaryolik bemorlar poytaxtga, yoki biron-bir xorijiy davlatga borishiga hojat qolmadi. Eng muhimi, Sirdaryoda ham bu borada dadil qadamlar tashlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari yordami bilan Sirdaryo viloyatida, qolaversa, Guliston tibbiyot klasteri, neyrotravmatologiya bo‘limida ham yirik bo‘g‘imlarda endoprotezlash, artroskopik operasiyalar, skolioz, suyak va bo‘g‘imlarning tug‘ma anomaliyalarini operativ davolash yo‘nalishlarida yuqori texnologik, murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, yirik bo‘g‘imlar artrozi, son suyagining tug‘ma chiqishi, tug‘ma maymoqlikdan aziyat chekayotgan bemorlar uchun juda qo‘l kelmoqda.

– Joriy yilda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali mutaxassislari bilan hamkorlikda, mahorat darsi asosida 20 nafardan ortiq fuqaroda shu turdagi, yuqori texnologik operativ davolash usullarini talab etadigan endoprotezlash amaliyoti o‘tkazildi, – deydi Guliston tibbiyot klasteri neyrotravmatologiya bo‘limi, travmatologi Sevara Otayeva. — Yuqori texnologik operativ va konservativ davolash usullarini talab etadigan, murakkab jarrohlik amaliyotini Sirdaryoda yo‘lga qo‘yilgani quvonarlidir.

Mazkur tibbiyot klasterida yana ikki nafar bemorda murakkab, ammo yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini talab etadigan jarrohlik amaliyoti Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali mutaxassislari tomonidan mahorat darsi asosida o‘tkazildi.

– Bemorimiz 38 yoshda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi artroskopiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Farrux Usmonov. – 5-6 yildan buyon displastik koksartroz sababli qiynalib kelayotgan ekan. Yaqin kunlarda oyoqqa turib, kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lib, ko‘rmagandek bo‘lib ketadi. Ikkinchi bemorimiz, 53 yoshda. Unda yelka bo‘g‘ini plastikasi bilan bog‘liq murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ushbu turdagi murakkab hisoblangan, yuqori texnologik operasiyalarni viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yilgani bemorlarni ortiqcha vaqt, mablag‘ yo‘qotib, davo istab, boshqa muassasalarga borishining oldini oladi.

Bu kabi jarrohlik amaliyotini Sirdaryoda, aynan Guliston tibbiyot klasterida yo‘lga quyilgani viloyatning boshqa hududlaridagi tibbiyot muassasalarda shu turdagi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘l ochadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!