Sindirilgan eshik yoxud payg‘ambarimizning tasdiqlanayotgan bashoratlari...
Hozirgi paytda dunyoda kechayotgan voqealarni xolis kuzatib turgan har qanday musulmon o‘ziga shunday savollarni berishi tabiiy: «Musulmonlar namuncha bunchalik ko‘p fitnaga uchrashmasa?! Nega dunyoning hamma yerida musulmon ummati fitnaga giriftor bo‘laveradi? Nega bir Allohga sig‘inadigan, bir qiblaga qarab ibodat qiladigan, bir Payg‘ambarga ergashgan musulmonlarning turli toifalari g‘animlar fitnasiga osongina uchib, bir-birlarini mahf etish bilan ovora?! Butun tarix davomida necha marta aldanib, borini boy bergan bu ummat yana nima uchun bir teshikdan chaqilaveradi?!»
Har bir es-hushli, farosatli inson musulmon olamining bu achchiq qismatidan chuqur iztirobga tushadi, dindoshlarining yangi mustamlakachilar hiyla va fitnasiga hamisha aldanib qolayotganlaridan qattiq nadomat chekadi, musulmonlar fitna tufayli har gal o‘ylab ham o‘tirmay birodarkushlik urushlari domiga kirib ketaverishiga achinganicha qoladi.
Ko‘pincha dunyoda kechayotgan Islomga daxldor voqea-hodisotlar tufayli kayfiyatlar buzilib, yorug‘ olam qorong‘u zulmatga aylangan paytlarda Qur’on va hadis o‘rganish dard malhami, qalb taskiniga aylanadi. Ana shunday qattiq tushkunlik qiynab turgan kunlarning birida Imom Buxoriyning «Sahih»laridagi bir hadisni o‘qidimu, ko‘zim «yarq» etib ochilganday bo‘ldi. Mana o‘sha hadis:
Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Umarning oldida edik. Shunda u: «Qay biringiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fitna haqidagi hadislarini o‘zlari aytgandek yod olgan?» dedi. «Men», dedim. «Sen jur’atli ekansan, nima deganlar?» dedi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kishining ahli, moli, nafsi, bolasi va qo‘shnisidagi fitnasiga ro‘za, namoz, sadaqa va amru ma’ruf hamda nahyi munkar kafforot bo‘ladi», deganlarini eshitganman», dedim. Shunda Umar: «Men buni iroda qilganim yo‘q, xuddi dengiz mavjidek mavj uradiganini iroda qildim», dedi. «Ey mo‘minlarning amiri, u bilan nima ishing bor? Sen bilan uning orasida yopiq eshik bor», dedim. «Eshik sindiriladimi yoki ochiladimi?» dedi. «Yo‘q, sindiriladi», dedim. «Unday bo‘lsa, abadiy yopilmasligi yaqinroq», dedi».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Hadis roviylaridan biri o‘sha «eshik»ning hazrati Umarning o‘zi ekanini ham aytib o‘tgan.
Endi e’tiboringizni hadisning asl mag‘ziga qaratsak... Unda zamonlar o‘tishi bilan nabaviy bir bashoratning to‘la ro‘yobga chiqqaniga shohid bo‘lasiz. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom o‘z vafotlaridan keyin Islom ummati juda ko‘p fitnalarga uchrashi xabarini beryaptilar. Bunday fitnalar hazrati Umar roziyallohu anhu davrlaridan keyinoq boshlanishi ham aytilmoqda.
Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. Eshik shunchaki ochilganida yaxshi edi, ammo u ilohiy irodaga ko‘ra sindirildi. Sindirilgan eshik esa abadiy yopilmaydigan bo‘ldi: fitnalarning qiyomatgacha davom etishi ilohiy muqaddarotga aylandi. Islom dushmanlari fitna uyushtirib, Islom davlatining rahbari hazrati Umarga suiqasd uyushtirishdi: yollanma qotil u kishi namozda imomlik qilib turganida orqalaridan zaharli xanjar urib, halok qildi. Fitnalarga darvoza bo‘lib to‘sib turgan Umar roziyallohu anhu o‘ldirilganidan keyin fitnalar zanjiri bir-biriga ulanib ketaverdi.
Ha, aynan shu voqeadan keyin fitnalar xuddi qo‘ziqorinday bolalab boraverdi. Uchinchi va to‘rtinchi hukmdorlar hazrati Usmon va hazrati Ali roziyallohu anhumo ham fitnachilar qurboniga aylanib, halok bo‘lishdi. Fitna tufayli Islomda birinchi tafriqa-bo‘linish sodir bo‘ldi: xavorijlar haq yo‘ldan ajrab chiqqan ilk mazhabga aylandi. Fitna tufayli Islomning ikki shavkatli rahbari Ali ibn Abu Tolib va Muoviya ibn Abu Sufyon o‘rtalarida bema’ni bir qatliom boshlanib ketdi, oqibatda minglab begunoh musulmonning qoni nohaq to‘kildi. Islom tarixidagi eng ayanchli voqealardan Siffiyn va Jamal muhorabalari ham aynan fitna tufayli yuzaga kelgan edi. Bunday fitnalardan hatto Payg‘ambar alayhissalomning buyuk sahobalariyu zavjai mutohharalari ham chetda qolishmadi. Fitnalar sababli Payg‘ambar alayhissalomning suyukli nabiralari imom Husayn eng navqiron yoshida shahodat topdi. Fitnalar tufayli Yazid ibn Muoviya minglab musulmonning boshiga yetdi, hayotiga zomin bo‘ldi...
Shundan keyin ham fitnalar bir-biriga ulanib ketaverdi. G‘animlar nog‘orasiga o‘ynab, uka akasiga qilich ko‘tardi, bola otasining qotiliga aylandi. Dushmanlar fitnasiga uchib, bir musulmon sarkardasi ikkinchisining ustiga qo‘shin tortib bordi va Islom shavkatini ancha paytgacha so‘ndirdi. Taxt va manfaat talashib bir hukmdor ikkinchisini dorga ostirdi. O‘tgan o‘n besh asrlik tarixga nazar tashlasangiz, Islom olami mo‘g‘ullar istilosini hisobga olmaganda boshqa hamma vaqt fitnaga uchib, faqat bir-birlarini qirg‘inbarot qilayotgani ayon bo‘ladi. Buning asl sababini bilmoqchi bo‘lganlar esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadislari bilan tanishsin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar boshiga bir zamon keladiki, unda qotil nima uchun qatl qilganini va maqtul nima uchun qatl qilinganini anglamaydi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Oxirgi yuz yillik musulmon ummati eng ko‘p fitnaga uchrayotgan bir davr bo‘lmoqda. Uzoq yillar dunyoga hukmronlik qilgan musulmonlar din dushmanlarining makr-hiylasi va fitnasiga aldanib, saltanatni qo‘ldan boy berishdi va avvalgi mavqe’larini yo‘qotishdi. Saltanat bilan bir paytda din birdamligi, birodarligi ham qo‘ldan ketdi, taraqqiyotdan orqada qolindi. Qancha jonlar, qancha mollar evaziga fath etilgan Islom yerlari va o‘lkalari ochko‘z, vahshiy fitnachilarning surbetlarcha talon-taroj o‘yiniga qurbon bo‘lib ketdi. Turli fitnalar va geosiyosiy o‘yinlar natijasida boy Islom olamining yerlarini mustamlakachilar tomonidan o‘zaro taqsimlab olish yoki qamal qilish yoxud boyliklarini tashib ketish hanuzgacha to‘xtovsiz davom etmoqda.
Milodiy yigirma birinchi asr ayniqsa musulmonlarni xorlash, kamsitish, zamini va mulkini talon-taroj qilish yuzyilligiga aylanib ketdi. Din dushmanlarining fitnasi tufayli necha yillardan buyon sho‘rlik Falastin xalqi vatanidan mosuvo qolyapti. Fitnachilar birlashib, turli nayrang va tagi yo‘q bahonalar bilan gullab-yashnab, taraqqiy etib turgan Iroq, Afg‘oniston kabi o‘lkalarga bostirib kirishdi, millionlab begunoh odamlarning hayotini so‘ndirishdi, shaharlarni vayron qilishdi, boyliklarini tashib ketishdi. Hali Myanmada, hali Markaziy Afrikada, hali boshqa joyda fitna bilan minglab musulmonlarni ochiq-oydin qatliom qilish to‘xtamayotir.
Ularning hakalak otgan nafsi shular bilangina tinchisa, koshki edi. Yo‘q, yana yangi-yangi fitnalar boshlandi: «Arab bahori» degan sharmandali nom (aslida «Arab qishi-zulmati», «Arab qatliomi» degan nomlar munosibroq edi) ostida musulmon mamlakatlaridagi mavjud tuzumlarga qarshi urush ochildi. Birin-ketin Liviya, Misr, Yaman, Suriya kabi tinch o‘lkalar urush maydoniga aylandi. Obod shaharlar vayron bo‘ldi, aholining tinchi va tirikchiligi buzildi, minglab odam yurtini tashlab qochdi. Fitna urug‘i sochilgan bu o‘lkalarda boshlanib ketgan birodarkushlik, fuqarolik urushlari, qon to‘kishlar hali-beri to‘xtaydiganga o‘xshamaydi.
Bitta it yoki mushukning o‘limi tufayli dunyoga jar soluvchi fitnachilarni o‘zlari ishlab chiqqan ana shu «Arab bahori»ning kasofati bilan qanchalab odamning o‘lgani yoki yarador bo‘lgani mutlaqo qiziqtirmas edi. Internet orqali tarqagan bir manzara sira odamning ko‘z oldidan ketmaydi: Suriyadagi bombardimonlar chog‘ida yarador bo‘lgan jajjigina arab bolakayi o‘limini sezganmi, harqalay, atrofidagilarga «Xudoning oldiga borganda hammasini aytib beraman, jazolaringni beradi» deb yubordi alam bilan. Uning bu nolasini xotirjam, yuraklar zirqiramay eshitish mumkin emas edi. Bolakayning mana shu ikki og‘iz so‘zi «Arab bahori» fitnachilariga qarshi eng ulkan aybnoma edi.
Ko‘pincha musulmonlar orasida o‘zlarining bir yarim milliard nafarli katta kuch bo‘lishlariga qaramay, dushmanlarning fitnasi, hiylasi va qarshiligi oldida ojiz qolishlaridan o‘kinish, afsuslanish kayfiyatini kuzatish mumkin. Buning sababini ham aslida ilohiy muqaddarotdan, nabaviy bashoratdan axtarish to‘g‘riroq bo‘lur edi. Yana Payg‘ambar alayhissalomning bashoratlariga quloq solaylik:
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hali ummatlar sizga qarshi xuddi ochko‘zlar laganlariga tashlangandek tashlanadilar ham», dedilar. «O‘sha kunda biz oz bo‘lganimiz uchunmi, Ey Allohning Rasuli?» dedi birov. «Yo‘q! U kunda siz ko‘p(bo‘la)siz, ammo selning ko‘pigi kabisiz. Albatta, Alloh dushmanlaringiz qalbidan sizning haybatingizni sug‘urib oladi va sizning qalbingizga bo‘shanglikni soladi», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, bo‘shanglik nimadir?» dedi birov. «Dunyoning muhabbati va o‘limni yoqtirmaslik», dedilar» .
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Agar mana shu nabaviy bashoratlarga yaxshiroq e’tibor qaratadigan bo‘lsak, fitnalarning kelib chiqishiga bir jihatdan o‘zimiz ham aybdor ekanmiz. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam aytgan davrlari yetib keldi shekilli, musulmonlarning haybati yo‘qolib boryapti. Ko‘plarimiz bo‘shanglik va loqaydlik kasaliga mubtalomiz. Bu esa dunyoda kechayotgan voqealarga nisbatan e’tiborsizligimizda, do‘st kimu dushman kim – yaxshi ajrata olmasligimizda, g‘animligi ochiq-oydin bilinib turgan tomonning fitnalariga osongina uchib, dindoshimizga, millatdoshimizga qarshi qurol ko‘tarayotganimizda ko‘proq namoyon bo‘lib qolyapti. Allohning Rasuli ogohlantirganlariday, bugunga kelib musulmon ummati boshqalarga qaraganda ham dunyoga qattiq muhabbat qo‘ygan. Bu esa o‘limni yoqtirmaslikka, iloji boricha dunyoning shahvatlariga g‘arq bo‘lishga chorlayapti. Musulmonlarning dunyo shahvatlariga berilishlari esa Islom birdamligiga va haybatiga to‘g‘anoq bo‘layotgani ham sir emas. Manfaatlar, mol-dunyo fitnasi ko‘p hollarda imon-e’tiqod ishlarini ortga surib yuborayotgani, dindoshdan yuz o‘girib, g‘anim oldida yaltoqlanishga majburlayotgani ham oyday ravshan!
Ko‘zni kattaroq ochish, fitnalarga uchmaslik, do‘stu dushmanni farqlash, imon-e’tiqodni boshqa barcha shaxsiy manfaatlar va hoyu havaslardan ustun qo‘yish payti keldi. Fitnalarning oldini olish uchun Allohga toat-itoatni, ibodatni, bandalikni kuchaytirishimiz lozim. Fitnalarga giriftor bo‘lib qolinganida yoki uning xavfi bo‘lganida esa Payg‘ambar alayhissalom ta’lim berganlariday, solih amallarni ko‘paytirish, taqvoni kuchaytirish, oxiratni dunyodan afzal ko‘rish, istig‘forni ko‘p aytish, shukr va zikrni ko‘paytirish kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zulmatli kecha bo‘laklari kabi fitnadan oldin amal qilib qoling. Unda kishi mo‘min bo‘lib tong ottirib, kofir bo‘lib kun bottiradi. Mo‘min bo‘lib kun bottiradi va kofir bo‘lib tong ottiradi. O‘z dinini dunyo matohiga sotadi».
Muslim rivoyat qilgan.
Ma’qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Fitna va qatl ko‘paygandagi ibodat xuddi menga hijrat qilgan kabidir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Musulmonlarning boshi qiyomatgacha fitnalardan chiqmasligi oxirzamon Payg‘ambari bashorat qilgan ilohiy taqdirdir. Allohning taqdiridan esa qochishning yoki uni chetlab o‘tishning imkoni yo‘q. Shunday ekan, Allohning yozgan qazosiga ko‘namiz, fitnalarni bir ilohiy sinov tarzida qabul qilib, ulardan xulosalar chiqaramiz, asl fitnachilarning basharasini anglashga urinamiz. Faxri koinot ta’lim berganlarday, fitnalardan imonimizni yanada kuchaytirish, Islom birdamligini mustahkamlash, Allohning rizosiga erishish yo‘lida foydalanishga harakat qilamiz.
So‘zimning yakunida bir taskinli so‘zni keltirib o‘tmoqchiman: o‘kinmang, do‘stlarim, g‘amga ham tushmang, holingizdan ko‘p ham qayg‘u chekavermang. Musulmonning taqdiri shu, mo‘minlikning qismati shu! Qolaversa, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallamdan musulmon ummatiga go‘zal bir bashorat, taskin beruvchi mujda bor: Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu ummat rahmatga sazovor bo‘lgan ummatdir, ularga oxirat azobi yo‘qdir, azoblari dunyodadir: fitnalar, zilzilalar va qatllar», deganlar.
Abu Dovud rivoyati.
Ahmad Muhammad
Manba: islom.uz
