Shvesiya fuqarosi Rossiya foydasiga josuslikda ayblanib hibsga olindi

Shvesiya fuqarosi Rossiya foydasiga josuslikda ayblanib hibsga olindi

Shvesiya prokuraturasi 47 yoshli fuqaroni Rossiya foydasiga josuslikda ayblamoqda. Bu haqda prokuratura veb-sayti ma’lumotiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Prokuror Mats Lyunkvistning so‘zlariga ko‘ra, erkak bir necha yil davomida rus diplomatiga pul mukofoti evaziga ba’zi ma’lumotlarni yetkazib turgan. «Avval maslahatchi bo‘lib ishlagan erkak xorij hukumatiga ma’lumot berish uchun materiallarni xufiyona olgan», — dedi Lyunkvist. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchi olgan pul miqdori «taqdim etilgan ma’lumotlar Rossiya uchun qanchalik qimmatli ekanini» ko‘rsatadi.

Erkak rossiyalik diplomat bilan uchrashuvlaridan birida hibsga olingan, prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi diplomatdan 27,8 ming Shvesiya kronasi (3,3 ming dollar) olgan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, erkak noqonuniy ravishda ishxona kompyuterlaridan materiallarni shaxsiy kompyuteriga, so‘ngra USB drayverlarga ko‘chirib olgan. Shuningdek, u kompyuter ekranidan ba’zi materiallarni suratga olgan. Prokuratura ayblanuvchining harakatlari mamlakat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin deb hisoblamoqda.

Prokuratura xabarida ayblanuvchining ismi ko‘rsatilmagan. SVT nashri Lyunkvistning bayonotidan kelib chiqib, erkakning qirollik fuqarosi ekani va Gyoteborg shahrida istiqomat qilishini aniqladi. Nashrning yozishicha, ayblanuvchi Rossiyaga taqdim etgan ma’lumot Gyoteborgdagi Volvo Cars va Syodertelyedagi Scania CV kompaniyalariga tegishli bo‘lib, erkak ularda maslahatchi bo‘lib ishlagan. U 2019 yil fevral oyida hibsga olingan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 2017 yil yozidan boshlab Rossiya Tashqi razvedka xizmati foydasiga ish olib borgan. 2019 yil mart oyida Associated Press (AP) agentligi ayblanuvchi bergan ma’lumotlar o‘sha paytda Rossiya elchixonasida ishlagan Rossiya razvedka xizmati xodimi Yevgeniy Umerenko tomonidan qabul qilingan, deya xabar bergan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, u «sanoat josusligi bo‘yicha mutaxassis» bo‘lgan va ilgari Germaniyada ishlayotganida ham xuddi shu rolni o‘ynagan. AP xabariga ko‘ra, Umerenko voqeadan uch hafta o‘tgach mamlakatni tark etgan. Agentlik razvedka xizmatlarining hisobotiga asoslanib, sudlanuvchining ismi Kristian Dmitrievskiy ekani, hujjatlarda u kompyuter modellashtirish va biofizika bo‘yicha mutaxassis, deb qayd etilgani haqida yozgan. Shvesiya fuqaroligini olishdan oldin u Rossiya pasportiga ega bo‘lgan.

Expressen gazetasi Umerenko tufayli Moskva va Stokgolm o‘rtasida diplomatik mojaro kelib chiqqanini yozgan. 2019 yil may oyida Rossiya Shvesiya elchixonasining ikki xodimini rus diplomatiga Shvesiya vizasi berishdan bosh tortganiga javoban mamlakatdan chiqarib yuborgan.

Avvalroq AQSh quruqlikdagi qo‘shinlari maxsus bo‘linmasining sobiq harbiy xizmatchisi Rossiya razvedkasi foydasiga ishlashga gumonlanib hibsga olingan edi. Ayblanuvchi 45 yoshli Piter Debbins. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, u 1996 yilning dekabridan 2011 yilning yanvariga qadar Rossiya razvedkasi bilan aloqada bo‘lgan. Adliya vazirligi xabarida qayd etilishicha, 1997 yilda u Rossiya foydasiga ishlashga roziligini tasdiqlovchi hujjatni imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada bir yil ichida uchinchi bor Xitoy ayg‘oqchisi aniqlangan. Ushbu fuqarolar XXR Davlat xavfsizlik vazirligi razvedkasida xizmat qilgan va Britaniyaga jurnalist vizasi bilan kelgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!