Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahriga yetib bordi. Uni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi

Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahriga yetib bordi. Uni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi

Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Dushanbe shahriga yetib bordi. Poytaxt aeroportida davlat rahbarini Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi. O‘zbekiston prezidentini kutib olishda Tojikiston yoshlari va ijodiy jamoalari vakillari ham qatnashdi.

So‘ng Shavkat Mirziyoyev “Do‘stiy” maydoniga tashrif buyurib, Ismoil Somoniy haykali poyiga gul qo‘ydi.

Ta’kidlash joizki, oliy darajadagi muzokaralarda yetakchilar O‘zbekiston—Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi, xalqaro va mintaqaviy darajadagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadi.

Tashrif dasturida ikki mamlakat san’at ustalarining konsertini birgalikda tomosha qilish hamda Made in Uzbekistan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.

Davlat tashrifi doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan xotin-qizlar forumi, O‘zbekiston kinosi kunlari, ziyolilar, olimlar va tarixchilar konferensiyasi, milliy taomlar va turizm salohiyati festivali bo‘lib o‘tdi.

Avvalroq Toshkent shahrida Rektorlar forumi va Dushanbe shahrida biznes forumi o‘tkazilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2023 yil sentyabrda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga borgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!