Sergeli IIO xodimlari qashqadaryolik ayolga tazyiq o‘tkazyaptimi?

Sergeli IIO xodimlari qashqadaryolik ayolga tazyiq o‘tkazyaptimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlarining harakatidan norozilik bildirgan Sabo Saidmurodovaning videmurojaati chiqdi. Videomurojaatda S.Saidmurodova Sergeli tumani IIO FMB xodimlari unga nisbatan tazyiq o‘tkazayotganligini aytib o‘tgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida quyidagilar aniqlangan.

1990 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan S. Saidmurodova muqaddam jami 29 marotaba ma’muriy javobgarlikka, 2 marotaba jinoiy javobgarlikka tortilgan (2013 yilda Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 238-moddasi «Yolg‘on guvohlik berish» bilan jarimaga tortilgan, 2015 yilda sud tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi «Tovlamachilik» bilan ayblilik masalasi amnistiya aktiga asosan tugatilgan). So‘nggi marotaba fuqaro S.Saidmurodovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi («Mayda bezorilik») va 194-moddasiga («IIO xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik») asosan hujjatlar to‘planib, jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudiga yuborilgan. Sudning 2022 yil 28 dekabr kunidagi qaroriga asosan, fuqaro S.Saidmurodovaga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari S.Saidmurodova tomonidan IIBBning «102» tizimiga 2019 yildan 2023 yilning yanvar oyiga qadar jami 33 marotaba turli mazmundagi murojaatlar qoldirilgan bo‘lib, har bir murojaati asosida tekshiruv o‘tkazilgan.

S.Saidmurodova qo‘ni-qo‘shnilari bilan ham doimiy ravishda janjallashganligi sababli, u bilan profilaktika inspektorlari tomonidan muntazam profilaktik suhbatlar o‘tkazib turiladi.

Videoda qayd etilgan holatlar yuzasidan profilaktika inspektorlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, IIO xodimlari tomonidan qonun va IIVning amaldagi buyruq talablari buzilmaganligi aniqlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!