Keniyada AQShning Ebolaga chalingan fuqarolari uchun karantin markazi qurish rejasiga qarshi noroziliklar yana tarqatib yuborildi
Keniya polisiyasi mamlakat markazida joylashgan Nanyuki shahrida Ebolaga chalingan AQSh fuqarolari uchun karantin markazi qurilishiga qarshi o‘tkazilgan namoyishni tarqatish uchun ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz qo‘lladi.
Guvohlarning ma’lum qilishicha, namoyishchilardan biri bosh qismiga o‘q tegishi oqibatida halok bo‘lgan. Reuters agentligi namoyish tashkilotchilariga tayanib xabar berishicha, jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Qo‘llarida Keniya bayroqlari, turli bannerlar hamda yon tomoniga qizil harflar bilan «Ebola» deb yozilgan oq tobut ko‘targan namoyishchilar karantin markazi qurilishini bekor qilishni talab qildilar.
O‘tgan hafta ham polisiya xuddi shunday namoyishlarni kuch bilan tarqatgan edi. O‘shanda ikki kishi o‘q tegishi oqibatida halok bo‘lgan.
Norozilarning ta’kidlashicha, ularni Ebola kasalligining mamlakatga kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli, shuningdek hukumatning mazkur markaz faoliyati bo‘yicha aniq ma’lumot bermayotgani tashvishga solmoqda.
May oyida Keniya Oliy sudi karantin markazini ishga tushirishni vaqtincha to‘xtatish haqida qaror chiqargan edi. Sudga murojaat qilgan inson huquqlari tashkilotlari markaz aholi uchun «jiddiy va muqarrar xavf» tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.
Namoyishchilardan biri Prissilla Imani Reuters agentligiga bergan intervyusida mazkur loyiha Nanyuki shahri va butun Laykipiya okrugi iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytdi.
«Odamlar bu yerga kelishdan qo‘rqmoqda. Laykipiya chiqindixona emas va bizning ovozimiz eshitilishi kerak», — dedi u.
