Saul «Kanelo» Alvares turkiyalik raqibini 3-raunddayoq texnik nokaut evaziga mag‘lub etdi

Saul «Kanelo» Alvares turkiyalik raqibini 3-raunddayoq texnik nokaut evaziga mag‘lub etdi

AQShning Mayami (Florida shtati) shahrida Toshkent vaqti bilan 28 fevral tongida professional boks musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning asosiy jangida super o‘rta vazn toifasida WBC va WBA Super chempionlik kamarlari sohibi Saul «Kanelo» Alvares turkiyalik da’vogar Avni Yildirim bilan to‘qnash keldi. Jangning boshidanoq meksikalik Alvares tashabbusni qo‘lga oldi. 1 va 2-raundlarda Saul zarbalar soni va faollik borasida ham Yildirimga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. 3-raundda esa «Kanelo» raqibini chuqur nokdaun holatiga ham solib qo‘ydi. Nokdaun holatidan so‘ng ham Yildirim ketma-ket zarbalar o‘tkazishda davom etdi. 3-raund yakuniga yetgach turkiyalik bokschining murabbiylari sportchi jangni davom ettira olmasligini ma’lum qildi.

Natijada Saul «Kanelo» Alvares (55-1-2, 37 KO) 3-raundda texnik nokaut evaziga g‘alabani tantana qildi. Bu bokschi uchun professional boksdagi 55-g‘alabasi bo‘ldi. Qayd etish joiz, Saul bu janglarning 37 tasida raqiblarini nokaut evaziga mag‘lub etgan.

29 yoshli Yildirim (21-3, 12 KO) esa faoliyatidagi uchinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!