Sariosiyo voqealarida qahramonlarcha halok bo‘lgan askar: "Men bir joyga ketyapman, uzoq joyga. Qaytmasligim mumkin…"
Elini asradi sheryurak o‘g‘lon,
Yovlarga ko‘ksini aylabon qalqon,
Jasorati bo‘ldi, tillarda doston,
Yurtiga Shiroq-u, Farhod Xayriddin!
O‘tkinchi dunyoda yaxshi nom bilan iz qoldirish oson emas. Sanoqli insonlarning nomigina mangulikka muhrlanadi, ularga atab she’ru dostonlar bitiladi. Yillar o‘tsa-da, kattayu kichik ularning nomini ehtirom ila tilga oladi, hurmat ila xotirlaydi. Ayniqsa, Vatan tinchligi uchun jon tikkanlar yodi hamisha ehtirom va e’zozga loyiqdir.
A’lochi, sportchi, g‘ayratli
Farg‘ona viloyati, So‘x tumanidagi 18-sonli umumta’lim maktabidamiz. Ta’lim dargohi hovlisiga 2000 yili Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida xalqaro terrorchilarga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib, qahramonlarcha halok bo‘lgan katta serjant Xayriddin Xolboyevning buyusti o‘rnatilgan. Maktab ichida esa qahramon yigitga bag‘ishlangan ixchamgina muzeyga duch kelasiz. Uning katta portreti oldidan Xayriddinga bag‘ishlangan xotira she’ri joy olgan. Yuqoridagi misra shu she’rdan parcha. O‘quvchilarning ko‘plari bu she’rni yod olgan va qahramon haqidagi ma’lumotlarni yaxshi biladi.
Tashrifimiz chog‘ida ham maktab yoshlar ittifoqi yetakchisi Ofarida Qosimova boshchiligidagi o‘quvchilar Xayriddin Xolboyevga bag‘ishlangan she’r va qo‘shiqlari bilan mehmonlarni xushnud etishdi. Zero, mardlar nomi unutilmasligi e’tirofi bu.
– U juda iqtidorli o‘quvchi edi, – deya Xayriddinni yodga oladi ustozi Ayubjon G‘oyibov. – Buyurilgan topshiriqni o‘z vaqtida bajarardi. Fanlardan a’lochi bo‘lish bilan birga, sportda ham yetakchilardan edi, ayniqsa, voleybolda. Shu sabab, u ishtirok etgan tuman musobaqalarida maktabimiz o‘quvchilari birinchi o‘rinni egallardi. Xayriddin g‘ayratli va qat’iyatli, do‘stlariga mehribon bo‘lgani uchun o‘rtoqlari doim uning ortidan ergashardi…

Orzulari ko‘ksida ketgan o‘g‘lon
Yigirma yil, Sariosiyodagi harbiy harakatlarga avgust oyida yigirma yil bo‘ladi. Demakki, Xayriddinning bu dunyoni tark etganiga ham… U o‘shanda 21 yoshda edi. O‘t-olov, g‘ayratli, orzulari bisyor, kuyovlik sarpolarini kiyishga bir qadam qolgan, to‘yi bo‘lish arafasida turgan yigit…
So‘x tumanidagi Lemburg qishlog‘ida Shodibek aka Xolboyevlar oilasining o‘z o‘rni va hurmati bor. Xayriddin shu xonadonning to‘ng‘ich farzandi. Oila boshlig‘i quruvchi usta. Qishloqdagi va o‘sha yon-atrofdagi ko‘plab uylarning qad rostlashida Shodibek akaning ulushi katta. Shu bois, oila farzandlari Xayriddin va Shamsiddin ham ustachilikka mehr qo‘ygan, otalariga yordamchi bo‘lishgan. Biroq Xayriddin harbiy soha vakili bo‘lishni bolaligidan orzu qilgan, jismonan baquvvat bo‘lishga intilgan. Sport bilan shug‘ullangan, har tong yugurish mashqini bajargan. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan bobosi Ketmas akadan urush voqealarini tinglashdan charmas, savollari adoqsiz bo‘lardi uning. Shu sabab, desantchilar harbiy qismida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yigit, xizmatini kontrakt bo‘yicha maxsus operasiya kuchlari batalyonida davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan.
– Xayriddin bilan xizmatda ham, harbiylar shaharchasidagi turar joyda ham, Sariosiyodagi harbiy harakatlarda ham birga bo‘lganmiz, – deydi safdosh do‘sti, iste’fodagi serjant Oybek Hamdamov. – U haqiqiy maxsus guruh posboni edi. Mard, ortga chekinmas, har qanday sharoitga moslasha oladigan, qo‘rqmas yigit edi, u. Nazariy mashg‘ulotlarda a’lochi, yozuvi juda chiroyli bo‘lib, husnixatiga har qanday odam tan berardi. «Qiz bolalarga o‘xshab chiroyli yozasan», deb hazillashib gohida uning g‘ashiga tegardim. Mashg‘ulotlarda ulgura olmasam, albatta, menga yordam berardi. Amaliy mashg‘ulotlarda ham doim oldingi safda bo‘lgan. Bilasiz, So‘x tog‘li hudud, tog‘da o‘sgan yigitning chapdast va epchil bo‘lishi, shubhasiz.
Ikkimizning ham kelajak orzularimizdan biri oila qurib, farzandlar ko‘rish edi. U ko‘p o‘tmay unashtirildi, to‘yi bo‘lishi kerak edi, biroq… Xalqaro terrorchilarga qarshi olib borilgan harbiy harakatlarda yonma-yon turdik. Amaliy mashg‘ulotlarda shartli dushman bilan jang qilgan maxsus guruh posbonlari uchun bu haqiqiy sinov maydoni edi. Biz bu kunga har tomonlama tayyor edik, lekin safdoshlardan ayrilish… Xayriddin halok bo‘lganda ham birga edim. Men og‘ir yarador bo‘ldim, u esa…
Ha, hayotdan erta ketgan do‘stni eslash oson emas, ayniqsa, u yaqin safdoshing bo‘lsa. 2000 yildagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan maxsus guruh posbonlarining deyarli barchasi hozir iste’foda. Ammo Xayriddinning qaysi bir safdoshi bilan suhbatlashmay, u haqidagi o‘ziga xos fikrlar, iliq xotiralarga ega bo‘ldim. Oilasida bo‘lganimizda esa bizni ota-onasi, yaqinlari bilan birga, mahalliy hokimiyat vakillari, qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘lari qarshi oldi. Har birining qahramon yigit haqida aytadigan dil so‘zi, fikrlari bor. Bunday damda eng og‘iri ota-ona bilan jigarbandini yodga olish…
– Xayriddin katta o‘g‘limiz, ishongan tog‘imiz edi. U harbiy bo‘lishga qaror qilganida dadasi ikkimiz rozi bo‘ldik, – deya Gulsimbibi opa ko‘zlarida yosh ila o‘g‘lini xotirlaydi. – Chunki u bir ishga ahd qildimi, erishmaguncha tinchimasdi. Askarlik burchidan so‘ng, xizmatini davom ettirdi. Bag‘rimizdan uzoqda bo‘lgani uchun uylantirib qo‘yishga qaror qildik. Oldida issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turadigan yaqini bo‘lsa yaxshi, ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi deb, o‘yladik. Bag‘rimizga oxirgi marta kelganida 2000 yilning iyul oyi edi. Avgust yoki sentyabrda to‘yini o‘tkazmoqchi edik. Doim «To‘yimga Xurshid Rasulovni olib kelamiz», derdi. O‘n kun yonimizda bo‘ldi. Do‘stlarining biri qo‘yib, biri kelib turdi. Ta’tili tugagach, xizmatiga otlandi, xayrlashib yo‘lga tushdi. Ortidan termulib turibman. Shunda, besh-o‘n qadam yurdi-yu orqasiga qaytdi…
Gulsimbibi opa mujgonlarini artar ekan, bir muddat jim qoldi. Anglashimcha, ko‘z oldida beixtiyor o‘sha onlar gavdalandi. O‘shanda ona-bola o‘rtasida quyidagicha suhbat bo‘lib o‘tgandi:
– Tinchlikmi bolam, biror narsang yodingdan ko‘tarilibdimi?
– Yo‘q, onajon, hammasi joyida, faqat to‘yga tayyorgarlik ko‘rmay turinglar.
– Nega?
– Men bir joyga ketyapman, uzoq joyga. Qaytmasligim mumkin…
– Bu nima deganing? Unday dema bolam, bo‘lajak kelinimiz seni qachondan buyon kutadi, uni noumid qilma.
– Qaytsam, o‘sha qiz meniki. Agar qaytmasam uni ukamga olib beringlar. Siz aytgandek, noumid bo‘lmasin…
– Xayriddin ketganidan keyin o‘ylab o‘yimga yetolmadim, – deya xo‘rsinadi Gulsimbibi opa. – O‘g‘lim nega unday dedi, biror rejasi bo‘lsa menga aytgisi kelmadimi?! Ammo bolamni o‘shanda oxirgi marta ko‘rib turishim, bag‘rimga tobutda qaytishini aslo xayolimga keltirmagandim…
Ruhi toza insonlar bo‘ladigan ishni oldindan sezadi, deyishadi keksalar. Xayriddin ta’tildan qaytayotganda Sariosiyodagi harbiy harakatlar boshlanmagan, unda ishtirok etishi hali noma’lum edi. Ne bo‘lganda ham sirli dunyo, bu.
Oiladagi xona to‘ridan joy olgan mo‘’jazgina uy muzeyiga e’tibor qarataman. Unda katta serjant Xayriddin Xolboyevga tegishli «Jasorat» medali va turli mukofotlar, rasmlar, harbiy liboslar va boshqa bir qator buyumlar bor. Albatta bu muzey va qahramon yigitning ota-onasini ziyorat qilguvchilar ham yetarli. Bir so‘z bilan aytganda, yillar, davrlar o‘tar, avlodlar almashar, lekin yurt tinchligi, millat erki uchun yosh umrini yovga qalqon qilgan jo‘mardlar nomi barhayotdir. Shoirona aytganda:
Yurt sha’niga tikkan yigit jonini,
Chaqin umri tutdi Vatan shonini,
Jangohlarda to‘kdi shahid qonini,
Yovqur ketgan kelbati Farhodlarim.
Avlodlarda yashar yurak cho‘g‘ingiz,
Er taxtida baland tutar tug‘ingiz,
Humo qushi asli Sizning ruhingiz,
Vatan uzra so‘nmas ruhi shodlarim.
Zulfiya YUNUSOVA,
«Vatanparvar» gazetasi muxbiri
