SanJay kuylagan "Karvon" she’ri unga nimalarni "hadya etdi"? Sud qarori...
O‘zbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati U. Azimov manfaatida S. Djavberdiyevga nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqida da’vo ariza bilan sudga murojaat qilgan.
Da’vo arizasida javobgar S. Djavberdiyevdan U. Azimov foydasiga 245 000 000 so‘m tovon puli, 100 000 000 so‘m ma’naviy zarar hamda javobgar tomonidan qo‘shiq qilib ijro etilgan “Karvon” nomli she’rni turli ommaviy manbalardan (internet va ijtimoiy tarmoqlar, xususan YouTube videoxostingidan) olib tashlash so‘ralgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2021 yil 13 yanvar kuni chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan da’vogar O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyatining U. Azimov manfaatida javobgar S. Djavberdiyevga nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qisman qanoatlantirilgan.
Javobgardan U. Azimov foydasiga qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida tovon puli va 40 000 000 so‘m ma’naviy zarar undirish belgilandi.
S. Djavberdiyevga “Karvon” nomli she’ridan foydalinib, ijro etilgan qo‘shig‘ini ijtimoiy tarmoqlar (xususan, YouTube videoxostingidan) dan olib tashlash majburiyati yuklatildi.
Shuningdek, javobgardan davlat foydasiga 3 240 000 so‘m miqdorida davlat boji undirish belgilandi.
Da’vo talablarining qolgan qismi qanoatlantirishdan rad etilgan.
