Samarqandda YPX xodimlari tomonidan 1 kg opiy giyohvand moddasini olib ketayotgan shaxs ushlandi
Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad inspektorlari tomonidan M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining 147-kilometrida Ishtixon tumani Azamat qishlog‘ida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan A.Q. boshqaruvida bo‘lgan «Nexia 2» avtomashinasi to‘xtatilgan.
Hujjatlarni tekshirish paytida haydovchi o‘zini shubhali tutgani uchun mashina tegishli tartibda ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish jarayonida mashinaning orqa o‘rindig‘i ostida 2 dona skotchga o‘ralgan to‘rtburchak bo‘laklar topilgan. Ularning ichida o‘tkir hidli modda daliliy ashyo sifatida olingan.
Haydovchi A.Q bo‘laklarga 1 kilogramm opiy giyohvand moddasini joylanganini va ularni Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l shahriga olib ketayotganini ma’lum qilgan.
Xozirda holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB TB tomonidan fuqaro A.Q.ga nisbatan JK.ning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.