Samarqandda kannabis va ko‘knori yetishtirganlar qo‘lga olindi
Bu holat viloyat huquq-tartibot idoralari tomonidan narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlardan birida amalga oshirildi.
Tadbir davomida 1981 yilda tug‘ilgan, Qo‘shrabot tumanida yashovchi A.A. o‘zining yashash xonadonida 464 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi yetishtirib kelayotganligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Urgut tumani “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro M.S. hamda 1991 yilda tug‘ilgan, Past Darg‘om tumanida yashovchi M.O. kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahri hududida 288 dona kapsuladagi (8 quti) “FATZORb premium” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini mahalliy fuqaroga 1 million 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Xuddi shunday holat Ishtixon tumanida ham aniqlandi. Tumanda yashovchi, D.X. yashash xonadonida kelgusida sotish maqsadida 3 870 tup “ko‘knori” o‘simligi yetishtirib kelayotganligi aniqlangan bo‘lsa, fuqaro N.X. o‘z xonadonida 10 gramm “marixuana”, 9 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi va 100 gramm “kannabis” urug‘ini saqlab kelayotganligi aniqlanib, har ikkala holatda ham ashyoviy dalillar prosessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Bundan tashqari, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Samarqand tumanida yashovchi fuqaro H.D. hamda 1976 yilda tug‘ilgan, Samarqand tumanida yashovchi K.S.lar mahalliy fuqaroga 22 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 4 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.