Samarqandda 335 ta uy egalari shubha ostiga olindi. Viloyat hokimi buning uchun hatto odamlardan uzr so‘rashga tayyor

Samarqandda 335 ta uy egalari shubha ostiga olindi. Viloyat hokimi buning uchun hatto odamlardan uzr so‘rashga tayyor

Viloyat hokimi E.Turdimov Qorasuv massivida barpo etilayotgan uy egalari bilan yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida bu haqda aytib o‘tdi.

Qayd qilinganidek, o‘tkazilgan xatlov davomida 2018 yilda qurilgan 1344 ta ko‘p qavatli uylarning ayrimlari aslida ehtiyoji yo‘q, bunga muhtoj bo‘lmagan kishilarga berilgan. O‘rganishlarga ko‘ra, 335 ta uy egalari ana shunday kishilar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Zarafshon gazetasi yozmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 34 ta yangi uy egalarining ko‘p qavatli uydagi kvartiraga ehtiyoji yo‘q. “Biz endi ularni sudga beramiz, uylarni bo‘shatamiz va eng muhtojlarga beramiz”, - dedi E.Turdimov.

Uchrashuvda davlat dasturi asosida qurilayotgan uylarni taqsimlashda Samarqand shahar hokimligi tomonidan turli qing‘irliklarga yo‘l qo‘yilgani yana bir bor ta’kidlandi. Buning uchun “odamlardan yana bir marta uzr so‘rashga tayyorman”, - dedi viloyat hokimi.

Viloyat hokimi ta’kidlaganidek, joriy yilda Qorasuv massivida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni taqsimlash bo‘yicha viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (G.Alimova) boshchiligida, Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (Z.Raxmonova), viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi (H.Normurodov), “Mahalla” xayriya jamoat fondi (B.Nasriyev) raislari, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri (F.Toshev) komissiya tashkil qilingan. Komissiya tomonidan uy-joyga talabgorlarning elektron ro‘yxati shakllantirilmoqda.

Muloqot chog‘ida shuningdek, uy-joylarning har bir kvadrat metri uchun to‘lanadigan narxlar masalasiga ham oydinlik kiritildi. Bu borada davlat dasturi asosida qurilayotgan uylarning asosiy buyurtmachisi bo‘lgan “O‘zshaharqurilishinvest” va asosiy kredit ta’minotchilaridan biri Ipoteka bankining respublika boshqaruvi mas’ullari batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, viloyat hokimi uchrashuv davomida joriy yilda qurib bitkazilish rajalashtirilayotgan ko‘p qavatli uylarga ajratilgan kredit mablag‘lari uchun 16-18 foizdan oshmagan foizlar hisoblanishini bildirdi. Ayni shu masalada davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi davomida taqdimot o‘tkazilgan. Tashrif bayoniga asosan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Toyloq, Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida ko‘p qavatli uylar qurish uchun xorijiy kredit liniyalarining 200 million dollar mablag‘i ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Viloyat hokimi "Agromir" mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilariga 2019-2020 yillarda qurib bitkaziladigan 1600 ta uyni kim, qachon olishi, qanaqa tartibda olishi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish zarurligini bildirdi.

"Milliy bank" viloyat boshqaruvi rahbariga uylarning qavatidan kelib chiqib, boshlang‘ich badal mablag‘larini shakllantirishni, bu borada zarurat tug‘ilsa respublika rahbariyati bilan bog‘lanishni buyurdi.

Muloqot davomida viloyat hokimi yig‘ilganlarning har bir savoliga batafsil javob qaytardi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!