"Safar"i o‘xshamagan Safarga hukm o‘qildi

"Safar"i o‘xshamagan Safarga hukm o‘qildi

Aksariyat o‘g‘rilar jinoyatni yon-atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib, yashirin ravishda sodir etishadi. Bizning nazarimizda, ular shu orqali qilmishlari fosh bo‘lmasligini o‘ylashsa kerak. Ammo qil­ni qirq yoruvchi huquq­ni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari har qanday vaziyatda ham jinoyatchilarni topib, jazo muqarrarligini ta’minlab kelishadi.

Gap shundaki, 20 yoshida 2 marotaba sudlangan Safar Zafarov (ism shariflar shartli) ham oshxonaga ishga kirganiga atigi 5 kun bo‘lishi bilan xatarli safarni ko‘zlagan. Ya’ni, u qasddan jinoyat sodir etish yo‘liga kirib, takroran, 2020 yil 25 dekabr kuni soat 22:00 dan soat 22:30 ga qadarli bo‘lgan vaqt oralig‘ida, o‘zi ishlab kelayotgan, Chust shahrida joylashgan SH.Kabilovga tegishli bo‘lgan “Oftob” nomli oshxonaning xisobxonasidagi xisob-kitob daftari orasidan bir kunlik savdodan tushgan jami 2.100.000 so‘m va 100 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini hamda unga ishlatib turish uchun berilgan bozor narxi 150.000 so‘m bo‘lgan “NOVEY” rusumli uyali telefon apparatini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketgan.

Sudda jabrlanuvchi SH.Kabilovning ko‘rsatma berishicha, oshxonada yollanma ishchi bo‘lib ishga kirganiga atigi 5 kun bo‘lgan Safarning darrov qing‘ir yo‘ldagi safarga otlanib g‘oyib bo‘lgani shu kuniyoq uni sergak torttirgan va hisobxonaga kirganida kech bo‘lgan. Darhol IIB ga murojaat qilib, qonundagi jazo muqarrarligini ta’minlab berishni so‘ragan.

Sud davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachi fikrini, sudlanuvchi Safar Zafarovni, guvohning ko‘rsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, S.Zafarovni jinoyat sodir etganlikdagi aybli deb topib, qonun sanksiyasida ko‘rsatilgan jazoni tayinladi.

Ibrohim Jabborov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!