Rubl yilning eng yaxshi valyutasiga aylandi

Rossiya rubli bu yil dollarga nisbatan eng kuchli o‘sishni qayd etib, nafaqat boshqa valyutalarni, balki oltinni ham ortda qoldirdi, deb xabar bermoqda Bloomberg.
Yil boshidan beri tashqi bozorda rubl kursi Tramp tomonidan boshlab yuborilgan tarif urushi, ichki omillar va Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuviga umid tufayli AQSh dollari qiymatining pasayishi natijasida 38 foizga mustahkamlandi.
Rubl xalqaro investorlar uchun 23 foizga qimmatlashgan oltin kabi xavfsiz joy bo‘lib xizmat qilmadi. Aksincha, ular rubl va u bilan bog‘liq aktivlarni, jumladan Rossiyaga "do‘st" davlatlar orqali faolroq savdolashni boshladilar, deydi Dubaydagi Istar Capital kompaniyasining tahlil va portfelni boshqarish bo‘yicha direktori Iskander Lutsko.
Rayffayzenbank tahlilchilari ta’kidlashicha, mart oyida sanksiyalar va neft narxining pasayishiga qaramay, eksport hajmi oshdi, import esa ko‘paygan bo‘lsa-da, baribir past darajada qolmoqda. To‘lov balansi yaxshilanmoqda, valyuta oqimini kuchaytirmoqda, uning sotilishi rublni qo‘llab-quvvatlamoqda: Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida joriy operasiyalar hisobi profitsiti 10,7 milliard dollargacha o‘sdi, savdo balansi esa 15 milliard dollarga yetdi (fevral oyida mos ravishda 6,7 milliard va 11 milliard dollar edi).
Shu bilan birga, kuchli rubl neft eksportidan olinadigan byudjet daromadlariga putur yetkazmoqda: bir xil dollar miqdoridagi neft sotuvidan kamroq rubl olish mumkin bo‘lmoqda. Bundan tashqari, aprel oyida neft narxlarining keskin tushishi natijasida dollar miqdorlari sezilarli darajada qisqardi. Byudjetda joriy yil uchun rublning o‘rtacha kursi 96,5 rubl/$ darajasida belgilangan, bu hozirgi kursdan 14 foiz pastdir.
SberCIB tahlilchilari Trampning bojxona to‘lovlari tufayli jahon iqtisodiyotining sekinlashish xavfi oshganligi xomashyo narxlarining yanada pasayishiga olib kelishini, bu esa o‘rta muddatli istiqbolda rublga salbiy ta’sir ko‘rsatishini taxmin qilmoqda. "T-investisiya" bosh iqtisodchisi Sofya Donets shunday yozadi: "Neft narxi barrel uchun 55 dollar bo‘lganda, rubl dollarga nisbatan 108 gacha qadrsizlanishi mumkin (bu uzoq muddatli tendensiyalar va xomashyo narxlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka asoslangan bahomiz)".
Bloomberg bilan suhbatda Donets qo‘shimcha qilishicha, Rossiya izolyasiyada bo‘lgani sababli, savdo urushi xavfi va investorlarning xatarli aktivlardan chiqib ketishi tufayli qadrsizlangan rivojlanayotgan bozorlarning ko‘plab valyutalari singari kapital chiqib ketishidan zarar ko‘rmagan. U shunday dedi: "Kapital harakatini nazorat qilish Rossiyani bundan sezilarli darajada himoya qildi", shuningdek, qarz olishning yuqori qiymati ham valyutani qo‘llab-quvvatlamoqda.