Rossiyada Telegram faoliyatini cheklash boshlandi
Bu haqda RBK xabar bermoqda.
Rossiya hukumati mamlakatda Telegram messenjeri faoliyatini sekinlashtirish bo‘yicha ishlarni boshlashga qaror qildi, deb xabar bermoqda RBK nashri soha va tegishli idoralardagi manbalarga tayanib.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikasiyalar sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmat (Roskomnadzor) 10 fevral kuni messenjer faoliyatini qisman cheklashni rejalashtirmoqda. Manbalardan birining aytishicha, “sekinlashtirish choralari” allaqachon ko‘rilmoqda. Roskomnadzor hozircha bu ma’lumotga rasman izoh bermadi.
Rossiyadagi foydalanuvchilar 9 va 10 fevral kunlari Telegram ishidagi muammolardan shikoyat qildi, deb yozadi RBK. Yanvar oyining o‘rtalari va dekabr oyining oxirlarida ham shikoyatlar qayd etilgan.
Shu bilan birga, axborot siyosati qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Aleksandr Yushchenko messenjerni sekinlashtirish masalasi qo‘mita tomonidan muhokama qilinmaganini aytdi. U agar qonunchilik bazasi bo‘yicha da’volar bo‘lsa, Roskomnadzor Telegram'ni bloklashni boshlashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Rossiyada 2018 yil aprel oyida messenjer Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga foydalanuvchilar xabarlarini deshifrlash kalitlarini topshirishdan bosh tortgani sababli Telegram'ga kirishga cheklovlar joriy etilgan edi. 2020 yil iyun oyida Roskomnadzor Telegram asoschisi Pavel Durov “terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga” tayyorligini e’lon qilganini aytib, bloklash talablaridan voz kechgan.
