Rossiyada benzin sotish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinishi mumkin
Rossiya hukumati benzinni bir xaridorga sotish bo‘yicha joriy etilgan cheklovlarni yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak Energetika vazirligi va neft kompaniyalariga bir shaxsga 50 litrdan kam benzin sotish cheklovlarini bekor qilish masalasini ishlab chiqishni topshirdi.
Topshiriq yoqilg‘i bozoridagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha berilgan. Manbalarga ko‘ra, vazirlikka avtoyo‘qilg‘i quyish shoxobchalari xodimlari tomonidan amaldagi cheklovlarni chetlab o‘tishning oldini oladigan mexanizm ishlab chiqish ham yuklatilgan.
Iyun va iyul oylarida Rossiyaning 80 ta hududida benzin sotish bo‘yicha turli cheklovlar amal qilgan. Ayrim avtoyo‘qilg‘i quyish shoxobchalarida haydovchilarga bir martada atigi 20–30 litr benzin sotilgan.
So‘nggi haftalarda vaziyat nisbatan yaxshilangani qayd etilmoqda. Qator hududlarda limitlar oshirildi, vaqt bo‘yicha cheklovlar, elektron navbatlar, talon tizimi va «juft-toq» tamoyili bo‘yicha sotish amaliyoti bekor qilindi.
Avvalroq Aleksandr Novak yoqilg‘i taqchilligini neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan zarbalar oqibatida ayrim korxonalarning vaqtincha ishdan chiqqani bilan izohlagan edi. 22 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin yoqilg‘i bozoridagi muammolar vaqtinchalik ekanini bildirgan.
Bozor ishtirokchilari fikricha, yangi topshiriq eng qat’iy cheklovlarni bekor qilishga qaratilgan. Agar cheklovlar saqlab qolinsa, eng kam limit 50 litr yoki undan yuqori darajada belgilanishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bozordagi vaziyat neftni qayta ishlash zavodlari Ukraina hujumlaridan keyin o‘z faoliyatini qay darajada tez tiklay olishiga bog‘liqligicha qolmoqda.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch oy davomida Ukraina Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga qariyb 50 marta hujum uyushtirgan. Natijada 34 ta yirik zavoddan kamida 24 tasi zarar ko‘rgan. Shu sababli iyun oyida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi so‘nggi 21 yildagi eng past darajaga tushgan, benzin va dizel yoqilg‘isi taqchillashgan, narxlar esa o‘sishda davom etmoqda.
