Rossiya fuqarosi O‘zbekistonga to‘pponchalar olib o‘tmoqchi bo‘ldi

Rossiya fuqarosi O‘zbekistonga to‘pponchalar olib o‘tmoqchi bo‘ldi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovut-ota” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Feya” laqabli xizmat iti yordamida Rossiya Federasiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan “CADILLAC” rusumli avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Unda Rossiya fuqarosiga tegishli bo‘lgan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklarasiyasi taqdim qilinmagan 1 dona gazli to‘pponcha, 9 dona to‘pponchaning gaz ballonlari, 1050 dona “Vistrel kalibr 4,5 mm” nomli droblar va 2 dona gazli to‘pponcha uchun kaburalarni o‘z ehtiyoji uchun olib kelayotgani aniqlandi.

Shuningdek, yana bir xuddi shunday holat aniqlandi: “Dovut-ota” chegara bojxona posti orqali Rossiya Federasiyasidan mamlakatimizga kirib kelgan “FORD” rusumli avtotransport vositasida yurtimizda faoliyat yuritayotgan MCHJlarning birining nomiga olib kelinayotgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazildi.

Natijada esa, kuzatuv hujjatlarida va yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko‘rsatilmagan, tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan oq rangli polietilen qop ichida avval foydalanilgan 1 dona qora rangli “4,5 mm (VV CAL)” yozuvli pnevmatik to‘pponcha borligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish va O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitini amalga oshirish Ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizasiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, ulardan foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tish — qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!