Rossiya elchisi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, sabab...

Tojikistonlik talabalarning Rossiya huquq-tartibot xodimlari tomonidan ommaviy ravishda kaltaklangani tufayli, Rossiya elchisi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi saytida 19 may kuni Komsomolskiy-na-Amure davlat universitetida sodir bo‘lgan voqea Rossiya elchisining chaqirtirilishiga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgan. Xabarda aytilishicha, 100 dan ortiq tojikistonlik talaba Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan so‘roqqa tutilgan va shafqatsiz munosabatda bo‘lingan.
"Bunday hodisalar Tojikiston–Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga to‘g‘ri kelmaydi hamda tomonlarning ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga zarar yetkazishi mumkin", — deyiladi Tojikiston TIV bayonotida.
Tojikiston tomoni, shuningdek, Tojikiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya hududida turli bahonalar bilan ommaviy hibsga olingani haqidagi ma’lumotlardan xavotirda ekanini ta’kidladi.