Richard Brenson: Umid qilamanki, Ukraina o‘z maqsadiga erishadi va bu urushda g‘alaba qozonadi

Richard Brenson: Umid qilamanki, Ukraina o‘z maqsadiga erishadi va bu urushda g‘alaba qozonadi

Ma’lum qilinganidek kecha britaniyalik milliarder Richard Brenson Ukrainaga tashrif buyurdi. U Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va bir guruh ukrainalik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi va ular bilan jahon biznes hamjamiyati Ukrainaga yordam berish uchun nima qilishi mumkinligini muhokama qildi.

Brenson dunyoning eng yirik samolyoti An-225 "Mriya" qoldiqlarini ko‘rish uchun Gostomel aeroportiga jo‘nab ketishdan oldin yaqinda raketa zarbasiga uchragan bolalar bog‘chasi joylashgan Kiyevdagi turar-joy hududiga tashrif buyurdi.

Virgin Galactic asoschisi Irpen va Buchaga ham tashrif buyurdi, u yerda urush vaqtida o‘lgan tinch aholining ommaviy qabrlari, ko‘plab vayronalar va ishg‘ol paytida sodir etilgan jinoyatlarning boshqa dalillari topilgan.

"Bu hujumlar tasodifiy ham, o‘zboshimchalik ham emasligi aniq. Ular Ukraina tinch aholisi orasida terror va qo‘rquv uyg‘otish bo‘yicha ataylab qilingan strategiyaning bir qismidir", dedi Brenson. "Umid qilamanki, bu dahshatli harakatlarning rossiyalik jinoyatchilari javobgarlikka tortiladi".

Brensonning so‘zlariga ko‘ra, u ko‘rgan narsalar unda tushkun taassurot qoldirdi va kuchli his-tuyg‘ularga sabab bo‘ldi.

"2014 va 2015 yillardagi sayohatlarimdan Kiyevni juda yaxshi eslayman. Bu go‘zal poytaxtning ulug‘vor Dnepr qirg‘og‘ida hayratlanarli eski binolari bor. Biroq urush izlari hamma joyda ko‘rinib turibdi. Rossiya aviasiyasi va artilleriyasi tomonidan zarbaga uchragan turar-joy binolari ayniqsa diqqatni tortadi".

Milliarderning Ukrainaga tashrifidan maqsadi Ukrainani eng yuqori samaradorlik bilan qo‘llab-quvvatlash uchun fuqarolik jamiyati va hukumat bilan hamkorlikda biznes nima qilishi mumkinligini aniqlash istagi ekani ma’lum qilindi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Ukraina prezidenti idorasidan berilgan bayonotda, Brenson va Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga dunyo e’tiborini qaratishni muhokama qilgan.

"Milliarder bizning davlatimizni, Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligini, shuningdek, Rossiya va bu urushni qo‘llab-quvvatlayotgan va moliyalashtirganlarga nisbatan eng qattiq sanksiyalar qo‘llanilishini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi", — deyiladi xabarda.

Prezident idorasining xabar berishicha, Brenson Ukrainaga qo‘lidan kelganicha yordam berishga tayyorligini bildirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!