“Qo‘rqut va Buyuk dasht sadolari” VII xalqaro festivali boshlandi
Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi hamda Qizilorda viloyati hokimligi hamkorligida Qozog‘iston Respublikasi Qizilorda viloyatining Qarmakshi tumanida joylashgan “Dada Qo‘rqut” yodgorlik majmuasida turkiy xalqlarning folklor va musiqa san’atiga bag‘ishlangan “Qo‘rqut va Buyuk dasht sadolari” VII xalqaro festivali boshlandi.
“Adabiyot va san’at” portaliga Turk madaniyati va merosi jamg‘armasidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, festivalda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Tuva va Altaydan kelgan 200 ga yaqin san’atkor ishtirok etmoqda. Festival Qizilordaning Qozog‘iston poytaxti (1925–1927) deb e’lon qilinganining 100 yilligiga bag‘ishlandi.
Xalqaro tadbirning maqsadi — turkiy xalqlarning boy madaniyati, milliy musiqasi va ma’naviy qadriyatlarini targ‘ib etish hamda xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashdir.
Tantanali ochilish marosimida Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimqulova xonim hamda Qizilorda viloyati madaniyat, arxiv va hujjatlashtirish boshqarmasi rahbari Janmurat Seilov chiqish qilib, festival ishtirokchilarini tabriklab, ularga muvaffaqiyat tiladilar.
Bayram kechasida turkiy mamlakatlardan kelgan an’anaviy musiqa san’ati ustalari o‘ziga xos chiqishlari bilan tomoshabinlarni quvontirdilar.
Keyingi kuni esa turkiy davlatlarning folklor-musiqa san’atiga bag‘ishlangan “Qo‘rqut va Buyuk dasht sadolari” xalqaro festivali doirasida “Dada Qo‘rqut merosi: turkiy dunyo uchun umumiy epik qadriyatlar” nomli xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimqulova xonim, Qizilorda viloyati hokimi Nurlibek Nalibayev janoblari, shuningdek, turkiy mamlakatlarning madaniyat, tarix va adabiyot sohasidagi yetakchi olimlari va ekspertlari ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi — Dada Qo‘rqut merosi va uning epik an’analarining turkiy xalqlarning ma’naviy hamda madaniy hayotidagi o‘rni haqida har tomonlama muhokama yuritish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir.
Konferensiya davomida Dada Qo‘rqut dostoni tarixiy ildizlari, uning turkiy dunyodagi o‘rni, shuningdek, zamonaviy madaniyat va adabiyotdagi aks etishi kabi mavzular muhokama qilindi. Olimlar o‘z yangi ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etib, Dada Qo‘rqut merosini o‘rganishda zamonaviy nazariy yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimqulova o‘z nutqida konferensiya ishtirokchilarini qutlab, Dada Qo‘rqutning buyuk merosini asrab-avaylash va uni jahon miqyosida targ‘ib etishning muhimligini ta’kidladi.
Konferensiya doirasida ilmiy ma’ruzalar tinglandi, panel muhokamalar o‘tkazildi va “Turk folklor merosi” antologiyasi loyihasi doirasida “Turk qahramonlik eposi” turkumining birinchi jildi taqdim etildi.
Tadbir yakunida Qozog‘istonning xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, T. Jurgenov nomidagi Qozog‘iston Milliy san’at akademiyasi dosenti Uljan Baybosinova “Korog‘li” poemasini hamda Sirdaryo o‘lkasining baxshilik an’analariga oid bir nechta parchalarni ijro etdi.
Xalqaro konferensiya turkiy dunyoda epik ijod an’analarining birligi va o‘zaro aloqalarini mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lishi bilan birga, turkiy xalqlarning ma’naviy merosini asrash va targ‘ib etish yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.
