Qozog‘istonda o‘quvchi qizlarni jinsiy qullikka jalb qilish ishi bo‘yicha 11 kishi hibsga olindi
Qozog‘istonning janubidagi Qizilo‘rda viloyatida voyaga yetmagan bolani jinsiy qullikka jalb qilish bo‘yicha 11 kishi hibsga olindi.
Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosari Igor Lepexa ma’lum qildi.
"13 nafar ayblanuvchining shaxsi aniqlandi, ulardan 11 nafari hibsga olindi, ikki nafari uy qamog‘ida, shu kungacha bir qator moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi", — dedi Lepexa.
Uning aniqlik kiritishicha, 13 nafar ayblanuvchilar orasida voyaga yetmaganni fohishalikka bevosita jalb qilganlar, shuningdek, bu jarayonni tashkil qilganlar ham bor. "Tergov bu masalani ko‘rib chiqmoqda, hamma, shu jumladan mijozlar ham tekshiriladi", deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni Qizilo‘rda viloyati hokimi Nurlibek Naliboyev yig‘ilish o‘tkazib, qo‘l ostidagi xodimlarni tanqid ostiga olib, voyaga yetmagan shaxsni fohishalikka jalb qilish faktining o‘z vaqtida oldini olmagan vakolatli shaxslarga nisbatan qattiq choralar ko‘rishni talab qilgan edi. Uning qayd etishicha, bu jinoiy harakatlar qariyb olti oy davom etgan.
Keyinroq jinsiy qullikka tushib qolgan qiz o‘qigan maktab direktori, sinf rahbari va boshqa xodimlari ishdan bo‘shatildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasiga mas’ul mutaxassislarga nisbatan – ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilish topshirildi.
NeMolchi.kz jamg‘armasi xabariga ko‘ra, voqeaga jabrlanuvchining sinfdoshlari aloqador bo‘lib, ular o‘z qarindoshlari bilan birga qizni uzoq vaqt davomida giyohvand moddalarni iste’mol qilib, uni fohishalikka majburlagan, oilasini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan, shuningdek, zo‘ravonlikka duchor qilgan.