Qozog‘istonda “Eurasian Book Fair-2019” xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi

Qozog‘istonda “Eurasian Book Fair-2019” xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi

Kitob turli madaniyat va tamaddunlarni birlashtiruvchi ko‘prikdir. Shu bois 1996 yildan boshlab har yili 23 aprelda Jahon kitob va mualliflik huquqlari kuni dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi.

2001 yildan boshlab bir shaharga Jahon kitoblari poytaxti degan unvon beriladi. Hozirgacha Madrid (Ispaniya), Aleksandriya (Misr), Nyu-Deli (Hindiston), Monreal (Kanada), Bogota (Kolumbiya), Bayrut (Lubnon), Lyublyana (Sloveniya), Buenos-Ayres (Argentina), Yerevan (Armaniston), Bangkok (Tayland), Port-Xarkort (Nigeriya), Vroslav (Polsha), Afina (Gresiya) kabi shaharlar ana shu unvonga sazovor bo‘lganlar.

Ushbu sana munosabati bilan bugun Qozog‘iston Respublikasi Nur-Sulton shahrida joylashgan Korme ko‘rgazmalar markazida Eurasian Book Fair-2019 IV Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Mazkur nufuzli tadbir kitobxonlikni ommalashtirish, nashriyotlar, yozuvchilar, madaniy-ma’rifiy muassasalar, kitob savdosi bilash shug‘ullanadigan tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, jahon noshirlik va matbaa sanoati tajribasini o‘rganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to‘plamini o‘quvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni yaxshilash maqsadida tashkil etilmoqda.

Ko‘rgazmada Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, Polsha, Belgiya, Ozarboyjon, Latviya, Ukraina, Armaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan jami 90 ta tashkilot, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tizimidagi nashriyotlar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma doirasida 150dan ortiq tadbir tashkillashtirilgan. Barcha ishtirokchi-davlatlar vakillari tomonidan kitob taqdimotlari, badiiy kechalar, muallif, noshir, rassom va matbaachilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida Eng yaxshi darslik , Eng yaxshi o‘lkashunoslik kitobi , Bolalar va o‘smirlar uchun kitob , Madaniyat va san’at , Fan va innovasiya , Gran-pri nominasiyalarida an’anaviy Yilning eng yaxshi kitobi tanlovi o‘tkaziladi. G‘olib va nomzodlarga maxsus diplom beriladi.

Eurasian Book Fair-2019 IV xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi 27 aprelga qadar davom etadi.

Manba: darakchi. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!