Qozog‘iston Afrikaga o‘z harbiylarini yuboradi

Qozog‘iston Afrikaga o‘z harbiylarini yuboradi

Qozog‘iston parlamenti prezident Qosim-Jomart Toqayevning Qozog‘iston Qurolli kuchlarining tinchlikparvar kontingentini BMTning Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo, Mali va Livandagi missiyalarida ishtirok etish uchun yuborish to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi, deb yozadi Orda.kz.

“Baholash va tanlash bir necha bosqichdan iborat. Qozog‘istondan biz BMTga beshta bo‘linma taqdim etdik. Ularning barchasi turli darajadagi tayyorgarlikka ega. Biz bo‘linmalarimizni darhol emas, balki so‘rov bo‘yicha yuboramiz. Missiyani bajarishga tayyorligimizga qarab baho beramiz”, dedi mudofaa vaziri Ruslan Jaksilikov.

Qozog‘iston shtab ofiserlari va harbiy kuzatuvchilar sifatida alohida harbiy xizmatchilarni, shuningdek, BMT missiyalarida talab yuqori bo‘lgan ixtisoslashtirilgan bo‘linmalarni: piyodalar, tibbiyot, razvedka, harbiy polisiyaning muhandislik bo‘linmalarini ajratishga tayyor.

400 ga yaqin qozoq harbiylari quyidagi missiyalarda qatnashadi:

— Markaziy Afrika Respublikasida BMTning ko‘p tarmoqli integrasiyalashgan barqarorlashtirish missiyasi (MINUSCA);

— Kongo Demokratik Respublikasida BMTning barqarorlik missiyasi (MONUSCO);

— BMTning Malidagi ko‘p tarmoqli integrasiyalashgan barqarorlashtirish missiyasi (MINUSMA);

— BMTning Livandagi vaqtinchalik kuchlari (UNIFIL) missiyasi.

Ma’lumot uchun, 2014 yildan buyon 45 nafar qozog‘istonlik ofiser BMTning G‘arbiy Sahara, Kot-d'Ivuar va Livandagi missiyalarida harbiy kuzatuvchi va shtab ofiserlari sifatida qatnashdi. 2018 yildan buyon 520 nafar qozog‘istonlik harbiy xizmatchi BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari missiyasida tinchlikparvar bo‘linmalar tarkibida bo‘lgan. Bugungi kunga qadar 6 va 9 nafar qozog‘istonlik harbiy xizmatchilar G‘arbiy Sahroda BMT missiyalarida va Livandagi vaqtinchalik kuchlarda xizmat qilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!