Qozilar uch xil bo‘ladi: ikkitasi do‘zaxga tushadi...

Qozilar uch xil bo‘ladi: ikkitasi do‘zaxga tushadi...

Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Qozilik uch xil bo‘ladi: Ularning ikki xili do‘zaxda va bir xili jannatda bo‘ladi. 

Bilib turib haqsiz tarzda hukm etuvchi qozi do‘zaxda bo‘ladi.

Bilmay turib, ammo insonlar huquqini paymol etuvchi hukm qiluvchi qozi ham do‘zaxdadir.

Haq hukm etuvchi qozi esa  jannatda bo‘ladi».

Termiziy rivoyati.

Yana bir hadisda bunday keltirilgan: «Qozilar uch toifa bo‘ladi, bir toifa jannatda va ikki toifasi do‘zaxda bo‘lishadi. 

Jannatda bo‘ladigan qozi haqni bilib o‘sha asosida hukm etadi.

Do‘zaxda bo‘ladigan ikki toifa qozilarning biri haqni bilib turib uning ziddiga hukm beradi. Yana biri esa insonlarga bilimsiz tarzda hukm beradi».

Termiziy rivoyati.

Munoviy aytadi: Ushbu hadisda adolatni tark etuvchi qozilarga qo‘rqinchli ogohlantirish bor.

Shayx Sheroziy Hanafiy aytadi: Insonlarga johilona hukm etadi, jumlasidan  ushbu qozida hukm etishga yetarli ilm bo‘lmaydi va u bergan hukmida gunohkor bo‘ladi. Bunda uning to‘g‘ri yoki xato hukm etishini ahamiyati bo‘lmaydi, chunki kimda ilm bo‘lmasa qozilik qilmasligi, shuningdek uning hukm va fatvolari to‘g‘ri bo‘lmasligi tushuniladi.

Munoviy  "Fayzul qodir"da aytadi: Ushbu ilmsiz kimsaning gunohi nima bo‘ladi? – deya so‘rashsa, to ilmi yetarli bo‘lmagunicha qozi bo‘lmasligi, deya javob beriladi”.

Zahabiy: “Har bir ilmsiz va Alloh va Uning Rasulidan  dalilsiz hukm etuvchi kimsa ushbu katta gunoh tahdidiga doxil bo‘ladi”, deb aytgan.

Demak, kim bo‘lishidan qat’i nazar qozi (sud’ya)lik nasib qilgan bo‘lsa o‘ta hushyor bo‘lishi lozim. Qozilar faqatgina uch toifa bo‘la oladi, to‘rtinchisi bo‘lmaydi. Uchdan ikkisi do‘zaxi bo‘ladi. Bular: nohaq hukm berayotganini bilib turib hukm qilgan kimsa; kimdandir pul yoki boshqa moddiyot olib, hukmni ushbu pora evaziga nohaq tarzda hukm qiluvchini joyi lovullab turgan do‘zax; shuningdek, o‘zi johil bo‘la turib, qozilikka layoqati bo‘lmasa ham qozi bo‘lib olib nafsiga ma’qul kelgan tarzda hukm beruvchilar ham do‘zax pattasini sotib olishadi. Berayotgan hukmlari sabab la’natlarga qolishadi, boradigan joylari jahannam bo‘ladi.

Islomda poraxo‘rlik harom

Qur’oni karimda: 

«Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun hokimlarga gunohkorona tashlamang», deya marhamat qilingan.

(Baqara, 188).

Imom Qurtubiy rahimahulloh oyatdagi: «mollaringizni botil yo‘l bilan yemang» jumlasini haromning barcha turlari qimor, aldamchilik, poraxo‘rlik, harom narsalarni savdosi kabi nomaqbul amallarni o‘z ichiga oladi”, deb tafsir qilgan. (Tafsiri Qurtubiy).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qanday hukmda pora beruvchi va oluvchini la’natladilar». (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam  pora beruvchi, pora oluvchi va ularga vositachini la’natladilar».

Ilmli, layoqatli va adolatni o‘ziga shior qilib olgan, Allohdan qo‘rqadigan, oxiratdan umidi bor qozi esa jannatga kiradi.

Qozi dunyodagi odilligi bois, mol-dunyoni jamlay olmasa ham, qo‘sha-qo‘sha mashinalari, dang‘illama uylari, jamlagan ko‘plab boyliklari bo‘lmasa ham na la’natga uchraydi, na alamli do‘zax oloviga duchor bo‘ladi. Aksincha dunyodagi odilligi qiyomatda nurli minbarlar va jannatning tugamas abadiy ne’matlariga egalik qilishga sababchi bo‘ladi.

Insoniyat hayotining rohat-farog‘atli bo‘lishi, g‘am-tashvishli bo‘lmasligi adolatli hukmga chambarchas bog‘liqdir. Qaysi jamiyatda qozilar adolatli hukm etadigan bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish, xalq farovonligi, yurt omonligi, turmush yaxshi bo‘ladi.

Aksincha, qaysi joydagi qozilar nohaq hukmga odatlansa, u yerda poraxo‘rlik, zulm, harom-harish rivojlansa, u yerda yashash azobga aylanib, hayot juda ayanchli holatga yuz tutadi.

Evropa davlatlaridagi adolatli hukmlar bois rivojlanish va yashash tarzi naqadar yaxshi ekani ma’lum.

Endi adolatli bo‘lish fazilatlari haqida so‘zlashamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam adolatli hukmda ummatga o‘rnak bo‘lganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Qurayshliklarni  maxzumiyalik o‘g‘rilik qilgan ayolning sha’ni tashvishga soldi.

Ular: "U ayol haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kim gapiradi?",  - deyishdi.

So‘ngra esa: "Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mahbublari bo‘lmish Usomadan boshqa kim ham jur’at qila olar edi?", dedilar. 

Usoma u zot alayhissalomga bu haqida gapirdi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Alloh belgilagan jazolardan birida shafoatchilik qilmoqchimisan?!» – deb aytdilar.

So‘ngra turib xutba qilib: «Ey odamlar, albatta, sizdan oldin o‘tganlarning halok bo‘lishlari ularning ichidan shariflar o‘g‘rilik qilishsa qo‘yib yuborib, zaiflar o‘g‘rilik qilsa jazoni qoim qilishlari sababidan bo‘lgan edi. Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o‘g‘rilik qilsa ham albatta qo‘lini kesaman»,  deb aytdilar». (Muslim rivoyati).

Madinadagi birinchi qozilik qilgan zot Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bo‘lgan. U zot alayhissalom mahkumning hasab, nasab, boylik, mansab, musulmon, kofir ekaniga qaramasdan odillik ila hukm qilganlar.

Adolat yo‘lini tutaman, ikki dunyo saodatiga erishaman degan insonlar uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuk o‘rnakdirlar. U zotning o‘g‘irlik qilgan agar mening qizim bo‘lsa ham jazosini albatta beraman, deb aytishlari ummat uchun tanbehdir.

Jinoyatchi o‘g‘il - qizi yoki biron bir yaqini bo‘lgan yoxud pora evaziga jinoyatchilarni "ming" xil usul bilan jazodan saqlab qoladigan qozilarga esa o‘ta xavfli tahdiddir.

Buyuk fotih Salohiddin Ayyubiy rahimahullohga uning yaqinlaridan biri uni aldagan odamdan shikoyat qildi. Salohiddin Ayyubiy: «Agar musulmonlarda Allohning qonuni va adolatga asoslangan holda hukm chiqaradigan qozi bo‘lsa, men nima ham qilishim mumkin, men shariatning oddiy bir bandasiman. Ehtimol, odil qozi (sud) siz tarafda bo‘ladi, ehtimol bo‘nday bo‘lmaydi», deb aytgan edi.

Qozilik o‘ta nozik va mas’uliyati ish. Bu ish bilan mashg‘ul bo‘luvchilar adolat bilan ish olib borishsa ikki dunyo saodatiga erishadi.

Agar poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik bilan mashg‘ul bo‘lishsa, bunday insonlarga  do‘zax va’da qilingan.

Sunnatulloh Abdulbosit


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!