Qizamiqqa qarshi vaksinalarning samaradorligi qanday?

Qizamiqqa qarshi vaksinalarning samaradorligi qanday?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyoda pandemiya sababli qizamiqqa qarshi o‘z vaqtida emlanmaslik oqibatida ushbu kasallikni yuqtirish bilan bog‘liq 9 millionta holat qayd etilgan. Eng yomoni, bemorlarning 128 ming nafari hayotdan ko‘z yumgan.

Ushbu raqamlarning o‘ziyoq mazkur xastalik salomatlik uchun nechog‘lik xavfli ekanini ko‘rsatadi. Qolaversa, qizamiq bo‘yicha dunyodagi epidemiologik vaziyat ham murakkab. Shuni e’tiborga olib, kasallik yurtdoshlarimiz o‘rtasida keng tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qizamiq va qizilchaga qarshi milliy emlash kunlari o‘tkazilmoqda.

— Qizamiq yuqish darajasi yuqori bo‘lgan va og‘ir kechadigan virusli kasallik bo‘lib, dunyoda chaqaloqlar o‘limining eng ko‘p tarqalgan sabablaridan biri, — deydi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mas’ul xodimi Dilorom Tursunova.

— Xastalikning yashirin davri 6-18 kunni tashkil etadi. U isitma ko‘tarilishi, tananing barcha joyida toshma, shilliq qavatlarning yallig‘lanishi kabi asosiy belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bolada holsizlik, ko‘z qizarib yoshlanishi kuzatilib, injiqlanadi. Shuningdek, ishtahasizlik, tez-tez ich ketishi, katta yoshli bolalarda esa bosh og‘rig‘i, qusish, burun qonashi, qorin og‘rig‘i kuzatilishi mumkin.

Qizamiq kasallangan odamning yo‘talishi, aksa urishi orqali havo tomchi yo‘li bilan yuqadi. U odamlar gavjum joylarda (bolalar bog‘chalari, maktablar, tibbiyot muassasalari) tez tarqaladi. Kasallik virusi havoda va atrof muhitda 2 soatgacha yuquvchanligini saqlab qoladi.

Xastalik 2 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, yosh, nimjon bolalar uchun ayniqsa, xavfli. Eng yomoni, jajji bemorlarning har uch nafaridan birida shapko‘rlik, ensefalit, kuchli deariya (ich ketish), shu bilan bog‘liq tananing suvsizlanishi, otitlar va zotiljam kabi salbiy asoratlar yuzaga keladi.

Afsuski, qizamiq virusining o‘zi keltirib chiqargan yoki ikkilamchi bakteriya tufayli paydo bo‘lgan zotiljam kasalligi eng ko‘p kuzatiladigan asorat hisoblanib, ko‘pincha xastalikning o‘lim bilan tugashiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois mutaxassislar uning oldini olishda eng samarali usul sifatida emlanishni tavsiya etadi.

Qizamiqqa qarshi vaksinalarning samaradorligi juda yuqori. Kasalikka qarshi 2 martalik emlanish ko‘rsatkichi 90-95 foizni tashkil etadi. Vaksinasiya jarayonida qizamiq komponentlarini saqlovchi (K) yoki qizamiq va qizilcha komponentlari birlashtirilgan (KK) hamda qizamiq, qizilcha va tepki komponentlari birlashtirgan (KPK) vaksinalaridan tibbiyotda keng foydalaniladi.

Yurtimizda milliy emlash kalendariga asosan ushbu vaksina bilan 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar emlanadi. Eng muhimi, O‘zbekistonda qo‘llanishga tasdiqlangan barcha vaksinalar samarali va xavfsizdir.

Faqat kamdan-kam hollardagina malham yuborilgan joyda og‘riq, sezgirlikning oshishi kabi yengil no’jo‘ya ta’sirlar kuzatilishi mumkin. Agar bolada shunday belgilar namoyon bo‘lsa, darhol oilaviy shifokorga murojat qilish maqsadga muvofiq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!