Qirg‘izistondagi AQSh elchixonasi narkobaron Kolbayevning guruhi haqidagi ma’lumot uchun 1 mln dollar mukofot taklif qildi

Qirg‘izistondagi AQSh elchixonasi narkobaron Kolbayevning guruhi haqidagi ma’lumot uchun 1 mln dollar mukofot taklif qildi

Qirg‘izistondagi jinoiy avtoritet Kamchi Kolbayevning jinoiy guruhini fosh qiladigan ma’lumot uchun AQSh 1 million dollar miqdorida mukofot puli taklif qilmoqda, deb yozadi Amerikaning Bishkekdagi elchixonasiga tayanib, «Interfaks».

«AQSh Kamchi Kolbayevning jinoiy tarmog‘ini buzib tashlashga olib boruvchi ma’lumot uchun 1 million dollar hajmida mukofot puli taklif qiladi», — deyiladi elchixona bayonotida.

Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Qirg‘izistonda va butun dunyoda korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

«AQSh butun dunyoda korrupsiyaning beqarorlashtiruvchi ta’sirini tan oladi va korrupsiyaga qarshi kurashni o‘z prioritetiga aylantirgan. AQSh hukumati bir milliard dollardan ortiq hajmdagi korrupsiyaviy daromadlarni musodara qilgan va jabrlangan mamlakatlarga muvaffaqiyatli qaytargan. 2020 yilning o‘zida AQSh chet davlatlarning 41 nafar poraxo‘r amaldor ism-shariflarini e’lon qilib, ular va ularning oilalariga AQShga kirishga ruxsat bermadi, ular orasuda korrupsiya va jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishda ayblanib hibsga olingan Qirg‘iziston Bojxona xizmati rahbari sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimov ham bor», — deyiladi elchixona xabarida.

2020 yil 22 oktyabrda Bishkekda Qirg‘iziston jinoiy avtoriteti Kamchi Kolbayev qo‘lga olingan edi.

2012 yilda AQSh maxsus xizmatlari Kolbayevni dunyodagi eng yirik narkobaronlar ro‘yxatiga kiritgan. 2017 yilda AQSh hukumati Sobiq Ittifoq mamlakatlaridan o‘n nafar jinoiy avtoritetni «qora ro‘yxat»ga kiritgan, ular orasida Kolbayev ham bor edi. AQSh hududida «qora ro‘yxat»dagi shaxslarning shaxsiy mulklari aniqlangan taqdirda, ular xatlanadi.

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, «Birodarlik doirasi» xalqaro jinoiy guruhiga kiruvchi Kolbayev poraxo‘rlik, odam savdosi va boshqa noqonuniy faoliyatlar bilan shug‘ullangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!