Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari may oyida uchrashadi

Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari may oyida uchrashadi

Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon telefon orqali suhbat o‘tkazib, chegaradagi vaziyatni tezroq tartibga solishga qaratilgan choralarni muhokama qilishdi. Shuningdek, ular may oyining ikkinchi yarmida uchrashishga kelishib oldi.  

«Sadir Japarov Qirg‘iziston davlatlararo masalalarni muloqot yo‘li bilan hal qilish va qirg‘iz-tojik chegarasida barqaror vaziyatni saqlash tarafdori ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi. U Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bundan keyin ham ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida sermahsul rivojlanishiga ishonch bildirdi», deb ma’lum qilingan Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatida.

Ta’kidlanishicha, ikki davlat rahbari yuzaga kelgan vaziyatni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishga kelishib oldi. Shuningdek, Botken viloyati hududida 1 may kuni ikki tomonning qirg‘iz-tojik chegarasini delimitasiya va demarkasiyalash bo‘yicha hukumat delegasiyalari muzokaralari bo‘lib o‘tishiga qaror qilindi.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ermek Kishtobayevning ma’lum qilishicha, ikki davlat chegarada yuz bergan qurolli mojaro bo‘yicha bir-biriga norozilik bildirmagan.

28 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi, 29 aprelda esa u qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Mojaro Tojikiston tomoni Isfara daryosi yuqori oqimidagi «Bosh» suv taqsimlash punktida suv taqsimotini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan. Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyati polisiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan. Tomonlar bir to‘xtamga kela olmagani mojaroning avj olishiga olib kelgan. Tojikiston bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi, Qirg‘iziston esa bahsli hudud sifatida biladi.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar vaqtida Qirg‘izistonning 31 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, 154 nafar fuqaro tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Tojikiston hozircha bu boradagi ma’lumotlarni keltirilmagan. Biroq mahalliy OAVning xabar berishicha, mojaro vaqtida Tojikistonning 10ga yaqin fuqarosi halok bo‘lgan, 90dan ko‘prog‘i jabrlangan.   


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!