Qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish nega takroran sodir etilmoqda?

Qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish nega takroran sodir etilmoqda?

Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda yer osti boyliklarini noqonuniy qazib olgan fuqarolar haqida o‘qib qolamiz. Hatto bu jarayonda tan jarohati olinishi yoki o‘lim holatlari sodir bo‘lishidan xabarimiz bor.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hududlarda qimmatbaho boyliklarni qazib olish bilan bog‘liq kriminogen vaziyat yomonlashgan. Ayniqsa, Navoiy va Samarqand viloyatlarida noqonuniy oltin qazib olishda shikastlanganlar va hatto o‘lim holatlari ro‘y bergan. Qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq 2021 yilda 806 ta holat, 2022 yilda 1 ming 233 ta holat, 2023 yilda 723 ta holat aniqlangan. Ma’muriy jazolar qo‘llanilishiga qaramay, bu holatlar takror sodir etilmoqda.

Qimmatbaho metall va toshlarni noqonuniy qazib olganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan, yer va yer osti boyliklarini asrab qolish va muhofaza qilishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Yer va yer osti boyliklarini muhofaza qilishda bir qator muammolar mavjud, — deydi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B.Abdullayev. — Birinchidan, yer osti boyliklarini noqonuniy qazib olganlik uchun faqatgina ma’muriy javobgarlik belgilangani hamda jazo turi ta’sirchan emasligi bu kabi huquqbuzarliklarning takroran sodir etilishiga olib kelmoqda. Hatto 7-10 martalab jazo qo‘llangandan keyin ham yana takrorlagan fuqarolar bor. Shu bois qonun loyihasi bilan mamlakatimizda yer osti boyliklarini asrab qolish va muhofaza qilish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning noqonuniy qazib olinishiga chek qo‘yish maqsadida mazkur toifadagi qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, foydali qazilmalarni ma’muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng takroran noqonuniy qazib olish hamda foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish harakatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, Jinoyat kodeksi yangi 196/1 va 196/2-moddalari bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir qator moddalariga ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolar tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda bu yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirish, yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirish vakolatini ichki ishlar organlariga berish taklif etilmoqda.

Deputatlar qonun loyihasining dolzarbligini e’tirof etib, uni konseptual jihatdan qabul qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!