Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 20,2 kg narkotik moddalar musodara qilindi
1️⃣Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Toshkent shahrida yashovchi, 1984 y.t. fuqaro muqaddam narkokur’erlar tomonidan Ohangaron tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 4 kg 935 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, internet-narkodo‘konning “omborchi” lavozimidagi ishchisi hisoblangan mazkur shaxs ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida yashirib ketilgan lokasiyalardan olish va qismlarga ajratgan holda, respublikamizning turli viloyatlariga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
2️⃣DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs to‘xtatilib, uning qo‘lidagi 1 dona xo‘jalik qopi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda 9 kg 829 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
3️⃣Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan holatda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida, Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi, 1959 y.t. fuqaroning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, u muqaddam qo‘shni davlatlarning biridan olib kelingan 4 kg 652 gr “opiy”, 380 gr “gashish” va 492 gr “marixuana” giyohvandlik vositalarini kelgusida mijozlarga sotish maqsadida saqlab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda har uchala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
