Qarnablik olim dunyoni zabt etdi

Qarnablik olim dunyoni zabt etdi

Aniqrog‘i, ushbu nufuzli akademiyaning yaqinda Italiyaning Triyest shahrida bo‘lib o‘tgan 28-Bosh assambleyasida dunyoning 104 mamlakatidan 46 nafar yangi a’zo saylandi, ular orasida Bobomurod Ahmedov ham bor. Bu hamyurtimizning jahon miqyosidagi olim sifatida tan olinganidan dalolat.

Jo‘ra Ahmedov geolog edi, 40 yildan ortiq davr ichida geologiya-kon qidiruv guruhida ishladi. Mamlakatdagi yerosti ma’danlarini topishda ishtirok etdi.

O‘shanda u ba’zan o‘g‘li Bobomurodni o‘zi bilan birga olib ketardi. Asli Paxtachidagi Qarnab qishlog‘ida, O‘rtacho‘l kengliklaridagi mo‘’jaz maskanda ulg‘aygani uchun o‘g‘lini yaylovga – chorvadorlar huzuriga olib borar, unga bepoyon zamin boyliklari haqida havas bilan gapirardi. Bahorning iliq kunlarida bobolari yurtida Bobomurod kechalari osmonni kuzatishni yoqtirar, o‘zicha astronom bo‘lishni orzu qilardi. Oiladagi o‘zaro suhbatlarda otasi «Sezib turibman, astronom bo‘lishni istaysan. Ammo bu oson ish emas. Igna bilan quduq qazish, deganlari shu bo‘ladi. Bobomiz Mirzo Ulug‘bek izidan borib, fan sirlarini ochuvchi olim bo‘lsang, buning uchun mashaqqatlarga chidasang, seni qo‘llashga tayyorman», dedi.

Bobomurod aytganini qiladigan, tarbiyada qattiqqo‘l otasiga va’da berdi. Jo‘ra aka bolaning shashtini qaytarmadi. Bobomurod o‘zi o‘qiyotgan Samarqand shahridagi 45-maktabda ustozi Valeriy Goryuxadan fizika fani sirlarini erinmay o‘rgandi. SamDU fizika fakultetida esa Jamila Xoliqova, Tamilla O‘tarova hamda Abdulla Quvvatovdek yuksak salohiyatli o‘qituvchilar qo‘lida tahsil oldi.

- Muayyan kasbni egallab, Vatan, xalq koriga yarayotgan kishi borki, hayotda o‘rganganlari, qo‘lga kiritgan yutuqlari uchun bir umr ustozlaridan minnatdor bo‘lib yashaydi, - deydi akademik. - Jumladan, men ham. Hozirgacha erishganlarim uchun muallimlarim, ustozlarimdan qarzdorlik hisi bilan yashayman. Chunki Valeriy Aleksandrovich ham, Jamila Huseynovna ham o‘ta qattiqqo‘l va talabchan edi. Ba’zida bundan noligan paytlarim ham bo‘lgan. Ammo bu talabchanlik faqat mening foydamga ekanini keyin, hatto mana bugun to‘liq anglayapman.

Bobomurod Ahmedov o‘tgan yillar davomida astronomiya fani rivoji uchun tinmay izlandi, umrini ilm-fan taraqqiyotiga bag‘ishladi. Natijada O‘zbekistonda relyavistik astrofizika sohasida o‘z ilmiy maktabini yaratdi. Gravitasiya va umumiy nisbiylik nazariyalari, kompakt gravitasion ob’ektlar fizikasi bo‘yicha ham ko‘plab tadqiqotlar olib bordi. Fan sirlarini ochuvchi ikki yuzdan ziyod ilmiy maqolalar yozdi. TWAS tomonidan 2017 yilda «Web of Science» axborot bazasida ilmiy ishlari eng ko‘p havola qilingan muallif sifatida, 2018 yilda esa «Scopus» qidiruv tizimi xulosasi bo‘yicha «Yil olimi», deya e’tirof etildi.

Biz sarlavhaga «Dunyoni zabt etgan olim» degan gapni bejiz chiqarmadik. Bobomurod Ahmedov bugungi kunda Markaziy Dehli universitetining faxriy professori, Italiyaning Triyest shahridagi Xalqaro nazariy fizika markazining relyativistik astrofizika va gravitasiya sohasida mintaqaviy koordinatori, Hindistonning universitetlararo astronomiya va astrofizika markazi va TATA fundamental tadqiqotlar instituti a’zosi. Dunyoning qirqdan ziyod davlatida bo‘lgan. Bo‘lgan emas, balki taniqli, mahalliy olimlar bilan astronomiya fani, Yer va boshqa sayyoralar ilmi bo‘yicha birgalikda ilmiy va amaliy ishlar qilgan, bahslashgan.

Bugun akademik Bobomurod Ahmedov boy tajribasi va yuksak salohiyati bilan yangi avlod olimlarining yetishib chiqishiga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Shogirdlari ko‘p. Ular ustoziga o‘xshashga, u kishining yo‘lidan borishga intiladi.

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!