Qamoqda bo‘lgan shaxs aliment to‘laydimi?

— O‘g‘lim ba’zi sabablarga ko‘ra ozodlikdan mahrum etilgan. Yaqinda suddan aliment tayinlangani haqida xat keldi. Sobiq xotinining topish-tutishi yaxshi, shu arzimagan aliment puliga qarab qolgan joyi yo‘q. Qolaversa, o‘g‘lim qamoqda bo‘lsa qanday qilib aliment to‘laydi? Qarorni bekor qilish mumkinmi?
Ismi sir tutildi.
Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Zulfiya BERDIMURATOVA javob berdi:
— Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek, voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Shuningdek, Oila kodeksining 99-moddasiga asosan, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining
– bir bola uchun to‘rtdan bir qismi;
– ikki bola uchun uchdan bir qismi;
– uch va undan ortiq bola uchun yarmi miqdorida undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish birinchi navbatda voyaga yetmagan bolalarning manfaati uchun undiriladi.
Demak, o‘g‘lingizning ozodlikdan mahrum qilinishi uni voyaga yetmagan farzandiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilinmaydi.
Voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish Fuqarolik prosessual kodeksining 18-bobiga muvofiq sud buyrug‘i tartibida undiriladi.
FPKning 177-moddasida, arz qilingan talabning mazmuni bo‘yicha sud buyrug‘i ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida sudya tomonidan beriladi deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 179-moddasida sud buyrug‘i berilganidan keyin sud uning ko‘chirma nusxasini darhol qarzdorga yuboradi.
Shuningdek, FPKning 181-moddasiga ko‘ra, qarzdor arz qilingan talabga qarshi e’tirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sudya sud buyrug‘ini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi. Sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi ajrimda sudya undiruvchi bildirgan talab da’vo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligini tushuntiradi.
Agar o‘g‘lingiz, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘iga e’tirozi bo‘lsa, buyruqni bergan sudga sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etish huquqi bor.