Qabri Madina shahrida bo‘lgan Buxoro xonlarini bilasizmi?
Markaziy Osiyo davlatchiligi tarixidan ma’lumki, davlat hukmdorlari ko‘p hollarda taxtdan voz kechsa yoxud tushirilsa, oxirat amallarini bajarish, shariat arkonlaridan birini ado etish uchun Makka va Madinaga yo‘l oladilar. Ular o‘sha yerda vafot etish orzusida Makka va Madinada umrlarining oxirlariga qadar faqirlikda, toat-ibodatda hayot kechiradilar.
Taxtdan tushirilgan hukmdorlarga Haj ziyoratiga borish taklifi ko‘p hollarda fitna niyatida ham bildirilganligi tarixdan ma’lum. Masalan, 1449 yil Mirzo Ulug‘bekka qarshi shunday fitna uyushtirilgan edi. O‘rta Osiyo davlatlaridan o‘nlab hukmdorlar ma’lum muddat Makka yoki Madinada yashab, shu yerda vafot etib, dafn etilgan.
Masalan, Boburiylar davlatida Humoyun va Komronmirzo o‘rtasida uzoq kurashlardan keyin, 1555 yil Boburiylarning Afg‘oniston hududidagi hukmdori, Boburning ikkinchi o‘g‘li Komronmirzo suyurg‘ollardan mahrum etilib, ko‘zlari ko‘r qilinib, Haj ziyoratiga yuborilgan. 1557 yilda Makkada vafot etgan shahzoda, shu yerda dafn etilgan.
Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdorlar – Boqi Muhammad, Vali Muhammad, Imomqulixon, Nadr Muhammadxon, Abdulazizxon, Subhonqulixon, Ubaydullaxon, Abulfayzxon, Abdulmo‘minxonlarning ikki nafari Madinada, biri esa Eronda vafot etgan. Biroq ularning har uchalasi ham Madinada dafn etilgan.
Din Muhammadxon ibn Jonibekxonning o‘g‘li, Buxoro xoni Imomqulixon (1611–1642 yillarda hukmronlik qilgan) 1642 yil ukasi Nadr Muhammadxon foydasiga taxtdan voz kechib, Haj ziyorati uchun Makka va Madinaga yo‘l oladi.
Madinada ikki-uch yil yashab, shu shaharda Movarounnahrdan borgan ziyoratchilar dam olib ketishlari uchun Chorbog‘, Makkadagi Ka’baga kiraverish darvozalaridan biriga oltin va kumush tutqichli yog‘och zina qurdiradi. Vafot etgach, Madinadagi Baqia qabristonida dafn etiladi.
Uning ukasi Nadr Muhammadxon (1642–1645 yillarda hukmronlik qilgan; 1651 yilda vafot etgan) Buxoro taxtidan mahrum bo‘lgach, Balx va Badaxshonda hukmronlik qildi. Eron safaviylari yordamiga tayangan holda Buxoro hokimiyatini qaytarib olishga harakat qildi.
Unga safaviy shohlarining yordam berishiga sabab Nadr Muhammadning onasi Mashhad sayyidlaridan bo‘lganligi, Eron safaviylari xonadoniga ham qarindoshligida edi. Balx va Badaxshonda uzoq vaqt hukmronlik qilgan xon Makka va Madina ziyoratini ixtiyor qilib, o‘sha yerda umrining so‘nggigacha qolish uchun shu sharif shaharlar tomon yo‘l oladi.
Lekin yo‘lda, Eronning Simnon viloyatida to‘satdan vafot etadi. Uning jasadini Eron shohi ehtirom bilan Madinaga olib borib dafn etishni buyurgan.
Shu tariqa, Nadr Muhammadning jasadi Madinaga, Baqia qabristoniga, akasi Imomqulixon qabri yoniga dafn etilgan.
Ashtarxoniylarning beshinchi xoni Abdulazizxon (1613–1682 yillarda yashagan; 1645–1681 yillarda hukmronlik qilgan) 1681 yil o‘z ukasi Subhonqulixonni Buxoro taxtiga chiqarib, o‘zi Umra ziyorati uchun Makka va Madina shaharlariga yo‘l olgan.
U 1682 yil Madinada 70 yoshida vafot etgan va amaki bobosi (otasi Nadr Muhammadning akasi) Imomqulixon maqbarasi yonida, Baqia qabristoniga dafn etilgan.
Akbar Zamonov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori