Prezident Toshkent viloyatida jami 2 mlrd dollarlik 9 ta loyihaga start berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 9 ta loyihaning qurilishi va faoliyatiga start berdi. Marosim Yangiyo‘l tumanida bo‘lib o‘tdi.
Yirik loyihalardan biri – Olmaliq shahrida 1 milliard dollar investisiya hisobidan 227 gektar maydonda quriladigan “Buyuk ipak yo‘li” maxsus sanoat texnoparki. U yerda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmasevtika kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va 300 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.
Yuqori Chirchiq tumanida 350 million dollar evaziga 69 gektar maydonda to‘qimachilik sanoat parki tashkil etiladi. Bu majmuada 20 dan ortiq ip-kalava, mato to‘qish va bo‘yash, tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari joylashtiriladi.
Yangiyo‘l tumanida yiliga 50 ming tonna mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar, Qibrayda yuqori sifatli eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash korxonalari ishga tushirilmoqda.
Toshkent viloyati energetika sohasida ham katta salohiyatga ega bo‘lib, bu yerda 5,7 gigavattli quvvatlar mavjud. Bu miqdorni oshirish maqsadida 1,5 milliard dollarlik 800 megavattdan ortiq 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Yashil energetikani rivojlantirish bilan birga, energetika tizimi barqarorligini saqlash bo‘yicha uchun 2030 yilgacha umumiy quvvati 4 ming 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimlarini barpo etish rejalashtirilgan. Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida barpo etiladigan 3 ta loyiha bunda muhim o‘rin tutadi. Avvalo, “Chayna Datang” kompaniyasi bilan Bo‘ka tumanida qiymati 240 mln dollarlik quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi. Bu stansiyada yiliga 576 million kilovatt soat yoki 240 ming xonadon uchun yetarli elektr energiyasi olinadi. Natijada viloyatda generasiya quvvatlari 6,5 gigavattga, elektr energiyasi ishlab chiqarish yiliga 24 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.
Yana ikkita loyiha – “China Energy Overseas Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda Parkent va Piskent tumanlarida quriladigan 220 million dollarlik, 200 megavattli energiya saqlash tizimlaridir. Ular kunning tig‘iz paytlarida uzilishga yo‘l qo‘ymaslik va iste’molchilarni elektr bilan ishonchli ta’minlash imkonini beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 630 million dollar investisiya hisobidan 400 megavattdan ortiq yangi gidroelektr stansiyalari barpo etilib, ularning quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, respublikada 3 280 megavatt quvvatga ega bo‘lgan 44 ta GES qurish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, Toshkent viloyatida gidroenergetika bo‘yicha juda katta salohiyat bor. Hozirda viloyatda umumiy quvvati 1 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidro elektr stansiyasi mavjud. Bu mamlakatdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga teng. Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028 yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 400 megavatt bo‘lgan, 4 mlrd 800 mln dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Marosimda shundan ikkitasi – Ohangaron tumanida barpo etilgan 2,5 megavattli kichik GES hamda Bo‘stonliq tumanida qurilgan 1,5 megavattli Ugam kichik GESi ishga tushirilmoqda. Mazkur quvvatlar yiliga 18 mln 400 ming kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqaradi va 7 600 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Shavkat Mirziyoyev yurtimizga investisiya kiritayotgan xorijiy kompaniyalarga minnatdorlik bildirib, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.