Prezident Samarqandda qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida OTB rahbari mamlakatimiz yetakchisiga bank Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagani va ko‘rsatgan ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Hamkorlikni yuksak darajaga ko‘tarishga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan 30 yilda OTB O‘zbekistonning haqiqiy strategik sherigiga aylandi.
Loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda, amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biriga aylandi.
Temir va avtomobil yo‘llari, energetika va ijtimoiy infratuzilmani modernizasiya qilish, suv ta’minoti va kanalizasiya tarmoqlarini yangilash, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirildi va davom etmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti va bank rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan sheriklik bo‘yicha 2030 yilga qadar bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Ipoteka bozori, xususiy sektor, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi islohotlarni ilgari surish, raqamli innovasiyalarni joriy etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizasiya qilish kabi sohalarda hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, bankning mablag‘larni safarbar etishdagi yetakchiligini kuchaytirish orqali ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi muvaffaqiyatli va samarali o‘tishini tiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030 yilgacha mo‘ljallangan sheriklik dasturini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Janubiy Koreya Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Prezidentiga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Yetakchilarning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Chuqur tarixiy do‘stlik rishtalari, o‘xshash mentalitet, an’analar va qadriyatlarga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zaro savdo va investisiyalar ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshdi. Mamlakatimizda qariyb 1 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreya investisiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi. Ushbu mamlakat kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Koreya Eksimbanki va uning jamg‘armalari bilan ko‘p yillik samarali hamkorlik yuqori baholandi. Ular ishtirokidagi loyihalarning umumiy portfeli 2 milliard dollardan oshdi.
Ko‘p tarmoqli klinika, kimyo markazi va farmasevtika parki qurilishi davom etmoqda. Bugun Toshkent – Xiva yo‘nalishida birinchi “Hyundai Rotem” poyezdi qatnay boshladi.
O‘zbekiston Prezidenti ustuvor yo‘nalishlarda yangi investisiya loyihalari portfelini shakllantirish va hududlararo almashinuvlarni jadallashtirish muhimligini qayd etdi. Davlat moliyasini boshqarish tizimini raqamlashtirishda Koreya tomoni ko‘maklashishiga umid bildirildi.
Joriy yil kuz oyida Seul shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Koreya” sammiti va boshqa oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
