Prezident Samarqand viloyatining iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rejalar bilan tanishdi. 2025 yilda 1,8 mlrd dollar investisiya jalb qilish orqali 20 ming ish o‘rni yaratish, zaxiradagi yerlarda sanoat zonalari tashkil etish, yaylovlarni turistik hududga aylantirish — shular jumlasidan.
Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Samarqand mamlakat markazida joylashgan, savdo, sanoat, turizm, transport va agrar tarmoqlar yaxshi rivojlangan hudud bo‘lib, davlat rahbarining 2023 yil avgustdagi tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalar birin-ketin bajarilmoqda.
Aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda 4,1 mlrd dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlangan. Xususan, kelgusi yilda hududiy dasturlar doirasida kamida 1,850 mlrd dollar investisiyalarni o‘zlashtirish, 20 ming ish o‘rni yaratish va qo‘shimcha 1,2 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan.
Prezident Pastdarg‘om tumani «Chimboyobod» hududida joylashgan hokimlik zaxirasidagi 234 gektar yerni misol qildi, u yerda maxsus sanoat zonasi tashkil qilish mumkin. Tadbirkorlar u yerga 500 mln dollar investisiya kiritib, farmasevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, Zarafshon daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer «Urgut» erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shilsa, 30 mln dollarlik loyihalarga joy bo‘ladi. Darg‘om kanali bo‘yida 35 kilometrli turistik yo‘lak, Narpay kanalida gastronomik ko‘prik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 mlrd so‘mlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Viloyatdagi yaylov va lalmi yerlarni iqtisodiy aktivga aylantirish kerak, ta’kidladi prezident. U Samarqand tumanida 350 gektar lalmi yerda turistik-rekreasion hudud tashkil qilib, mingta tadbirkorni joylashtirish va 3,5 mingta ish o‘rni yaratish mumkinligini ko‘rsatdi.
«Bulung‘ur tumanidagi 6 ming gektar samarasi kam g‘alla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshadi, 45 ming odam ishli bo‘ladi. Mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qo‘shimcha 52 mln dollar eksport tushumi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.
Hozirda Ishtixon, Urgut, Payariq va Qo‘shrabotdagi odamlar 35 ming gektarda uzum yetishtiradi, lekin serdaromad navlarni ekish, kasallikka qarshi kurashish, yangicha agrotexnik tadbirlarga ko‘nikma yetishmagani uchun hosildorlik past hisoblanadi. Shu bois Ishtixonda Bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy institutining tajriba stansiyasini tashkil qilish taklifi bildirilgan. Unda «in-vitro» usulida ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yilib, uzumning «Gigant», «Sirliboy», «Avatar» kabi bozorbop navlari ekiladi. Natijada hosildorlikni qo‘shimcha 25−30 sentnerga, eksportni esa 20 mln dollarga oshirish kutilmoqda.
Shuningdek, Qo‘shrabot, Ishtixon, Nurobod, Pastdarg‘om, Paxtachi va Urgutdagi konlar negizida foydali qazilmalarni qayta ishlash korxonalari ochish mumkin.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha chora-tadbirlarni taqdimot qildi. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, investisiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qaror kiritish vazifasini qo‘ydi. Loyihalarni master-reja asosida joylashtirish, ko‘proq ish o‘rinlari va zamonaviy uy-joylar tashkil etib, aholi farovonligini oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Uch kun avval prezident Andijon viloyatini 2025 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlarini ham belgilab bergandi. Maqsadli vazifalarga ko‘ra, hududda investisiya hisobiga 305 ming aholi ish bilan ta’minlanib, 1 mlrd dollar eksport qilinadi. Qir-adirlar toifasi o‘zgartirilib, foydalanishga topshiriladi.