Polshada yangi o‘quv yilidan boshlab maktab va bog‘chalarda smartfonlardan foydalanish taqiqlanadi
Polsha Prezidenti Karol Navroskiy 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab maktab va bolalar bog‘chalarida smartfonlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni imzoladi.
Bu haqda RMF24 nashri xabar berdi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, davlat va xususiy maktab o‘quvchilariga maktab hududida, jumladan, tanaffuslar va darsdan tashqari mashg‘ulotlar paytida smartfonlar va shunga o‘xshash funksiyalarga ega boshqa qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi.
Taqiq maktabgacha ta’lim muassasalariga ham tegishli.
Smartfonlar yoki planshetlardan foydalanish o‘qituvchining xohishiga ko‘ra ta’lim jarayonining bir qismi bo‘lgan, shuningdek, ota-onalar bilan bog‘lanish zarur bo‘lgan holatlar uchun istisnolar mavjud.
Bundan tashqari, nogironligi yoki boshqa maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar ixtisoslashtirilgan ilovalar yoki uskunalarning ishlashi uchun zarur bo‘lgan hollarda kun davomida qurilmalardan foydalanishlari mumkin.
Shunga o‘xshash choralar allaqachon bir qator Yevropa mamlakatlarida joriy etilgan yoki ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlanmoqda.
