Peru prezidenti umumxalq saylovi sanasini belgiladi

Peru prezidenti Dina Boluarte umumxalq saylovi 2026 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Anadolu agentligi.
Davlat rahbari o‘zining telemurojaatida bo‘lajak saylov “demokratik, adolatli va shaffof” o‘tishi hamda mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishga ham hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Avvalroq, 18 mart kuni Peru hukumati uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida Lima poytaxt hududi va Kalyao provinsiyasida 30 kun muddatga favqulodda holat joriy etilishini ma’lum qilgan edi.
Prezident Boluarte avvalgi murojaatlarida mamlakatdagi jinoiy guruhlarning harakatlarini keskin qoralagan edi.
— Men qotillar uchun o‘lim jazosini joriy etish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqa boshladim. Hech bir o‘g‘ri yoki yollanma qotil o‘z farzandlarini sevadigan oilalar qonini to‘kmaydi, — dedi prezident.
O‘limlarni ro‘yxatga olish milliy axborot tizimi (Sistema Informático Nacional de Defunciones) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki uch oyida Peruda 459 ta qotillik qayd etilgan.