“Paqildoq”larni “paqillatish” joizmi?

Har yili eski milodiy yil tugashidan bir oy avval boshlanib, yangi milodiy yil kirib bir haftaga qadar insonlarni tinchligini buzadigan, turli ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘ladigan xalq tilida paqildoq deb ataluvchi pirotexnika vositalarining shovqini eshitila boshlaydi.
Yoshlarni bu “o‘yin”laridan turli yoshdagi insonlar, bemorlar, yosh homilador kelinlar ham aziyat chekmoqdalar.
Shifokorlar so‘zlariga ko‘ra, “paqildoq” odamni bexosdan cho‘chitgani bois yurak-qon tomir tizimiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatar ekan.
“Paqilloq”larni “paqillatish” joizmi? Dinimizda bu kabi masalalarga qanday qaraladi?
Alloh taola Qur’oni karimda insonlarni boshqalarga ozor va aziyat berishdan qaytarib: “Mo‘min va mo‘minalarga, ular biror narsa qilmasalar ham, ozor beradiganlar, batahqiq, o‘z ustilariga bo‘hton va ochiq oydin gunohni olibdilar», deb marhamat qiladi. ("Ahzob" surasi, 58-oyat).
Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida U Zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: «Nimaga kulyapsizlar?» dedilar. «Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz», deyishdi. U Zot: «Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas», dedilar.
Yana Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam «Musulmon musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir», deb marhamat qiladilar.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra pirotexnika vositalari ishlatilganda yonish harorati 3 ming darajagacha yetishi mumkin bo‘lib, kuchli yong‘in kelib chiqishi xavfini kuchaytiradi.
Bu arzimas ko‘ringan ish sababli insonning boshiga turli xil kulfatlar yog‘ilishi, o‘zining hayoti xatarda qolishi va hatto joni halokatga uchrashi mumkin ekan. Vaholanki, Alloh taolo Qur’oni karimda insonlarni o‘z jonlarini xatarga solishdan qaytarib, “O‘zingizni halokatga tashlamang” deb marhamat qilgan.
Yana pirotexnika vositalarini sotib olishda isrofga yo‘l qo‘yib gunohkor bo‘lish ham bor. Chunki har bir ne’matni noto‘g‘ri tassarruf qilish o‘sha ne’matni zoye bo‘lishidir. Ne’matni zoye qilish esa isrofdir. Isrofgarni esa Alloh yaxshi ko‘rmaydi.
Alloh taolo O‘zini Kalomida aytadi: «Englar, ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas». ("A’rof" surasi 31-oyat).
Ko‘rinib turibdiki, ba’zan o‘ylamasdan qilingan ishlar, e’tiborsizliklar nafaqat insonni o‘ziga, balki o‘zgalarga ham zarar yetkazib, ko‘ngilsizliklar va gunohlarga sabab bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zarar berish ham yo‘q, zararlanish ham yo‘q» deganlar.
Pirotexnika vositalari savdosi bilan shug‘illanuvchilar ham insonlarga zarar yetkazib, gunoh ishlarga sherik bo‘layotganliklarini bilib qo‘ysalar hamda bu yo‘l bilan bola-chaqa boqib ularni rohatini ko‘rishni istasalar boshqa tirikchilik qilsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki qiyomat kuni hamma inson hayoti, ilmi, qilgan kasb-hunaridar so‘raladi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«Erkakmi, ayolmi, kim mo‘min bo‘lgan holida solih amal qilsa, uni pok, go‘zal hayot kechirtiramiz va albatta, ularni qilib yurgan amallarining eng go‘zali barobarida ajr ila mukofotlarmiz» ("Nahl" surasi 97-oyat).
Ziyouddin Mirsodiqov
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom-xatibi