OZIQ-OVQAT QADOQLARI ZARARLIMI?
Do‘kon yoki bozorda mahsulotlarni tanlashda asosan ularning sifati, tashqi ko‘rinishiga va yaroqlilik muddatlariga e’tibor qaratamiz. Sotib olayotgan mahsulotimizni qadog‘ini tekshirishni esa xayolimizga ham keltirmaymiz. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, siz xarid qilayotgan chips yoki shirinlikning jimjimador qadog‘i saratonga sabab bo‘lishi mumkin?
Oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadigan har qanday qadoq, idish yoki sumkalar uchun qo‘yiladigan gigiyenik talablar: materiallar oziq-ovqat mahsulotiga sog‘liq uchun xavfli miqdorda qadoqlash materiallarining tarkibiy qismlarini o‘tkazmasligi, shuningdek mahsulot rangini o‘zgartirmasligi, begona hid yoki ta’mlarni bermasligi kerak. Qadoqlash materiallari (pishevaya upakovka) ekologik toza va sifatli ulardan foydalanishdan oldin majburiy sanitariya ko‘rikdan o‘tkazilishi shart.
QANDAY QADOQLAR ZARARLI HISOBLANADI?
Qog‘oz qadoqlar – ilgari oziq ovqat mahsulotlarini kulrang qog‘ozga o‘rab
berishardi. Bu ekologik jihatdan xavfsiz bo‘lgan. Lekin keyinchalik qog‘oz
mahsulotlarini tayyorlashda kimyoviy faol moddalardan foydalanila boshlandi.
Qog‘ozlarni oqartirishda xlor aralashmalari ishlatilgan bo‘lib, xlor oziq-ovqat
mahsulotidagi yog‘ ta’sirida so‘riladi. Natijada, organizmimizga juda xavfli
dioksin zaharlari kiradi. Hozirgi kunda qadoqlash mahsulotlarida xlordan
foydalanish taqiqlangan. Ammo uy sharoitida ham iste’mol mahsulotlarini oddiy
qog‘ozga o‘ramaslikni maslahat beramiz.
Polimerlar – polimer hisoblangan zamonaviy qadoqlash materiallarining
aksariyati plastikdan ishlangan. Palstikning ko‘plab turlarini ishlab chiqarishda
inson organizmi uchun zararli bo‘lgan kimyoviy moddalardan foydalaniladi.
Polimerlarning o‘zi zararli emas. Ammo polimer tarkibida qoldiq reagentlar,
oraliq moddalar, texnologik qo‘shimchalar, erituvchilar kabi zararli monomerlar
mavjud. Ular oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, mikroto‘lqinli pechda isitish
natijasida uning tarkibiga kirib olishi mumkin.
ENG XAVFSIZ QADOQLASh VOSITASI
Bugungi kunda eng xavfsiz plastik – poliyetilen va polipropilen
hisoblanadi. Ammo polipropilen ham muhim kamchiliklarga ega: kimyoviy jihatdan
agressiv muhit bilan aloqaga kirisha olmaydi. Ya’ni oziq-ovqat mahsuloti tarkibida
spirtning eng kam foizi bo‘lsa ham polipropilen zaharga aylanadi.
Iste’mol mahsulotlari uchun yana bir ekologik toza qadoq bu - shisha
idishlardir. Do‘kon rastalarida sotilayotgan har bir mahsulotda qadoq turini
ko‘rsatadigan belgi bo‘lishi kerak. Hech qanday belgi bo‘lmasa, yaxshisi shisha idish yoki
bankadagi mahsulotni xarid qiling.
Demak, endi mahsulot xarid qilishda ularning qadoqlariga ham ahamiyat
beramiz. Uy sharoitida esa oziq-ovqat mahsulotlarini metall, shisha yoki sopol
idishlarda saqlang. Plastik choynaklarni metall, sopol yoki shisha bilan
almashtirgan ma’qul. Plastik idishlar esa sovuq suv va isitilmaydigan
mahsulotlar uchun to‘g‘ri keladi.
