Ozarbayjonda “UzAuto Motors” va “SamAvto” zavodi ishlab chiqarish liniyasi ochildi

Ozarbayjonda “UzAuto Motors” va “SamAvto” zavodi ishlab chiqarish liniyasi ochildi

Ozarbayjonning Hajigabul shahrida “UzAuto Motors” AJ va “SamAvto” zavodi ishlab chiqarish liniyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, “UzAuto Motors” “Chevrolet” avtomobillarini Ozarbayjonda sotishni boshlashini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ozarbayjon tarafdan ishlab chiqarish bo‘yicha hamkor sifatida Hajigabul sanoat kvartali tarkibiga kiruvchi “Azermash SR” ishtirok etgan. Tomonlar o‘rtasida 2021 yil 21 iyulda kelishuv imzolangan.

Dastlabki bosqichda “Azermash SR”ning ishlab chiqarish quvvatlarida “Chevrolet”ning "Nexia”, “Cobalt”, ikkinchi bosqichda “Damas” va “Labo” rusumli avtomobillarini jami 5000 donagacha, "SamAvto" avtobuslarini esa yiliga 1000 donagacha miqdorda ishlab chiqarish va sotish rejalashtirilgan.
“Yangi avtomobil zavodi mahsulotlari Ozarbayjon aholisi orasida ommalashishiga, yangilangan "Nexia", "Cobalt", "Damas" va "Labo", shuningdek, "SamAvto" avtobuslari ham ularga manzur bo‘lishiga bizda shubha yo‘q", — dedi “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov ochilish marosimida.

“UzAuto Motors” bosh direktori Bo Inge Anderssonning so‘zlariga ko‘ra, hozirda modellar qatoriga yana bir nechta avtomobil qo‘shish imkoniyati o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “UzAuto Motors” kompaniyasi Tojikistonda “Chevrolet”ning to‘rtta modelini sotishni boshlagani xabar qilingan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!