OTALIKDAN VOZ KECHIB, ALIMENT TO‘LAMAY YURISh MUMKINMI?

OTALIKDAN VOZ KECHIB, ALIMENT TO‘LAMAY YURISh MUMKINMI?

— Qizim bir farzandi bilan turmushidan ajrashdi. Sobiq kuyovim otalikdan voz kechib, ariza yozdi. Ayting-chi otalikdan voz kechsa, aliment to‘lashdan ozod etiladimi? Qizim undan aliment talab qilmoqchi emas. «O‘g‘limni o‘zim boqib, katta qilaman», deyapti. O‘rniga men aliment talab qilsam bo‘ladimi? Yana nabiramning qo‘shimcha xarajatlari uchun ham pul talab qilishga haqim bormi?
Ismi sir tutildi

Ziyodaxon SOLIYEVA, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi:

OTA-ONANING MAJBURIYATLARI TENG
— Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Demak, sobiq kuyovingiz aliment to‘lashdan ozod etilmaydi.

«MEN TALAB QILSAM BO‘LADIMI?»
— O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, alimentlar to‘g‘risidagi talablar ota-onaning shaxsi bilan chambarchas bog‘langan huquqlari doirasiga kirishini inobatga olganda, bunday talablarning boshqa shaxsga o‘tishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, alimentlar undirish haqidagi talabni hisobga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu sababli qizingiz, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan voyaga yetmagan bola yoki vasiylik va homiylik organi aliment undirish to‘g‘risidagi talabni qo‘yishga haqli bo‘ladi.

«KO‘RISHISHIGA RUXSAT BORMI?»
— Ota va ona alohida yashasa, bola ular bilan ko‘rishish huquqiga ega. Shuningdek, bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ham ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota-onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi.
Shu sababli sobiq kuyovingiz, uning ota-onasi ham farzandi bilan ko‘rishishga qonunan haqli hisoblanadi.

QO‘SHIMCHA XARAJATLAR UCHUN...
— Oila kodeksining 103-moddasiga asosan, ota-ona favqulodda holatlar, ya’ni bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart. Bundan bosh tortgan ota yoki onadan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Siz nabirangizning qo‘shimcha xarajatlari uchun sobiq kuyovingizdan pul talab qilishga haqli emassiz. Bunday talab bilan qizingiz fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. Kuyovingiz otalikdan voz kechsa-da, bolaning qo‘shimcha xarajatlari uchun ishtirok etishdan ozod qilinmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!